Aholi va tadbirkorlarga majburiyat yuklaydigan hujjatlar yozilishidan oldin baholanadi

    Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan qonunchilik hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza tadbirlari natijasi 243 ta qonunchilik hujjatida amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan va amalga oshirish mexanizmlariga ega boʻlmagan 350 ta norma va huquqiy boʻshliqlar aniqlangan edi.

    Qabul qilingan “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni bilan qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, norma ijodkorligi va qonunchilik tizimida qator yangiliklar belgilab berildi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining 183 ta hujjat va normalari bekor qilinib, qonunchilikni tartibga solish yuki kamaytirildi.

    Farmon bilan tartibga solish taʼsirini baholashning (TSTB) yangi tartibi joriy etilib, qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlashda va ularning taʼsirini baholashda ilmiy hamda nodavlat notijorat tashkilotlar keng jalb etilishi, qonun loyihalari boʻyicha majburiy tartibda ilmiy-tadqiqot muassasalarining xulosasi olinishi belgilandi.

    Joriy yil 1-oktyabrdan boshlab aholi va tadbirkorlarga bevosita taʼsir koʻrsatadigan, ularga majburiyat yuklaydigan, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqacha cheklovlarni belgilaydigan hujjatlar ikki bosqichda TSTBdan oʻtkaziladigan boʻldi.

    Bunda hujjat loyihasi yozilishidan oldin soddalashtirilgan tartibda baholashdan oʻtkaziladi va Adliya vazirligining xulosasi olinadi.

    Soddalashtirilgan baholash natijasi boʻyicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsiri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar kengaytirilgan tartibda ikkinchi marotaba baholashga qaratiladi. Sogʻlom raqobat muhitini himoyalash maqsadida bunday tartib biznesga har qanday imtiyoz, preferensiya yoki yengillik berishni nazarda tutuvchi loyihalarga ham tadbir etiladi.

    Shu bilan birga, Farmon bilan qabul qilingan hujjatlarning ijro holatini monitoring qilish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Xususan, hujjat qabul qilingach uning ijrosi har yili kuzatib boriladi va monitoring natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinadi.

    Bu orqali aholi va biznes uchun yuzaga keladigan ortiqcha va asossiz xarajatlar, maʼmuriy toʻsiqlarning oldi olinadi. Amaldagi samarasini bermaydigan, raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan imtiyoz va preferensiyalar natijasida yuzaga keladigan davlat byudjeti yoʻqotishlari sezilarli qisqarishiga erishiladi.

    Adliya vazirligi matbuot xizmati.