Oʻzbekiston BMTning inson huquqlari boʻyicha shartnomalari doirasida oʻz majburiyatlarini bajarib, bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimini yaratish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan faol ish olib bormoqda.
Xususan, yangi qabul qilingan Konstitutsiyada ham har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi belgilab qoʻyilgan.
Shu bilan birga, 2023-yil 16-iyunda qabul qilingan “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonun bu boradagi muhim qadam boʻldi. Mazkur qonun davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslar doirasi kengaytirilganligi hamda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan ishlar roʻyxatiga fuqarolik va maʼmuriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatini yaratadi.
Endilikda quyi pogʻonada birlamchi yuridik maslahat va tavsiyalarning hamma uchun ochiq boʻlishi taʼminlanadi, bu esa, jamoatchilik va huquq tizimi oʻrtasidagi tafovut bartaraf etilishiga imkon beradi. Aholiga birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari uchun “Madad” NNT Adliya vazirligi tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Adliya vazirligi BMTTD bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” qoʻshma loyiha doirasida ushbu tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Mazkur loyiha nafaqat amaliy chora-tadbirlarga, balki moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga ham qaratilgan. U alohida bepul yuridik yordam koʻrsatuvchi subyektlarga texnik koʻmak berish va ularga kichik hajmdagi grantlar taqdim etishdan iborat. Ushbu yordam ularni qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda xizmatlarni kengaytirish va yuridik yordam koʻrsatishda innovatsion yondashuvlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Shuni ham aytish kerakki, mamlakatda odil sudlovga erishish va malakali yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish sohasida faoliyat yuritayotgan saralangan nodavlat notijorat tashkilotlariga AKT jihozlari topshirildi. “Madad” NNTning Bekobod shahri (Toshkent viloyati), Shovot (Xorazm viloyati) va Xoʻjaobod (Andijon viloyati) tumanlaridagi huquqiy maslahat byurolari shular jumlasidandir.
Umid qilamizki, bu jihozlar mazkur tashkilotlarning aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha imkoniyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.