Aholiga berilgan ipoteka kreditlarini takror moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

    Qonun (OʻRQ-1028-son, 12.02.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonun bilan “Ipoteka toʻgʻrisida”gi, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi qonunlarga ipoteka munosabatlariga elektron garov xatini joriy etishni, bunday garov xati bilan taʼminlangan majburiyatlarni bajarishni, u boʻyicha huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazishni va undan foydalanishga doir boshqa mexanizmlarni belgilashni, shuningdek, talab qilish huquqlari hamda garov xati tugatish massasiga kiritilmasligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Bunda, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra:

    • Elektron garov xatiga oʻzgartirishlar kiritish garov xatining qonuniy egasi va garovga qoʻyuvchi tomonidan elektron garov xatiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi kelishuv (qoʻshimcha kelishuv) shaklini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida toʻldirish orqali amalga oshiriladi;
    • Elektron garov xatlari boʻyicha huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish depo hisobvaragʻiga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi. Elektron garov xatiga doir huquqlar oluvchining depo hisobvaragʻiga tegishli yozuv kiritilgan paytdan eʼtiboran unga oʻtadi va depo hisobvaragʻidan koʻchirma bilan tasdiqlanadi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.