Ayollar jinoyatchiligining 40 foizga yaqini ishlamaydigan yoki doimiy band boʻlmagan xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan. Bundan tashqari, jinoyatdan 2,7 mingga yaqin, oilaviy zoʻravonlikdan 20 mingga yaqin ayollar jabr koʻrgan.

Davlatimiz rahbari yaqinda Fargʻonada 11 yoshli qizchaning murdasi zoʻrlash va qotillik alomatlari bilan topilganini tilga olib, bu holat vaziyat qanchalik ogʻirligini koʻrsatib turganligini aytdi.

Ayrim mahallalarda xotin-qizlar faollari instituti kutilgan natijani bermayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yangi tuzilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi doirasida har bir tumanda:

- ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari;

- psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar”;

- zoʻravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Koll-markazlar” tashkil qilishni topshirdi. 

Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish xizmatini kengaytirish vazifasi qoʻyildi.

Agentlik viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar barcha hududlarda aholiga ijtimoiy koʻmak koʻrsatuvchi “Inson” markazlarini ishga tushiradi.