Har qanday islohotning ahamiyati esa uning inson va oila hayotida qanday o‘zgarishlarga muhim omil bo‘lgani bilan o‘lchanadi.
BMT tahlillarida ham bejiz oila tenglik va adolat qaror topadigan makonga aylanganida iqtisodiyot ham, jamiyat ham ravnaq topishi alohida ta’kidlanmaydi. Oila — jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini va uning barqarorligini ta’minlaydigan eng muhim tayanch. Oiladagi muhit, farzand tarbiyasi, xotin-qizlarning ta’lim olishi, mehnat qilishi, qobiliyat va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar mamlakatning buguni va istiqboliga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda, oila va xotin-qizlar masalasi alohida ijtimoiy yo‘nalish emas, mamlakat kelajagini belgilaydigan strategik omildir.
Oilada o‘z vaqtida yechilmagan muammo keyinchalik mahalla va jamiyat miqyosidagi murakkab ijtimoiy masalaga aylanishi mumkin. Aksincha, bitta xotin-qizga o‘z vaqtida yaratilgan ta’lim, kasb, daromad yoki huquqiy himoya imkoniyati butun oilaning turmush tarzi va farzandlar kelajagini o‘zgartirishga qodir. Xotin-qizlarga yaratilgan har bir imko¬niyat, aslida, oilaning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligiga kiritilgan sarmoyadir.
Bugun O‘zbekistonda 19,3 million nafar xotin-qiz istiqomat qilmoqda. Bu mamlakat aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan ulkan intellektual, ijtimoiy va iqtisodiy salohiyat. Uni to‘liq ro‘yobga chiqarish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bilim olishi, kasb egallashi, munosib mehnat qilishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Bu vazifa inson kapitalini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, zo‘ravonlikning oldini olish va sog‘lom avlodni tarbiyalash kabi umummilliy maqsadlar bilan uzviy bog‘liq.
Oldimizda turgan
besh ustuvor vazifa
Joriy yil 10-iyul kuni davlatimiz rahbarining yuksak ishonchi bilan zimmamizga oila va xotin-qizlar masalalari bilan ishlashga mas’ullik vazifasi yuklatildi. Bu ishonchni, avvalo, yurtimizdagi har bir ayol va har bir oila taqdiri uchun ulkan mas’uliyat deb qabul qildim.
Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan oldimizga oila va xotin-qizlar siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan beshta ustuvor vazifa qo‘yildi. Ularning har biri alohida yo‘nalish bo‘lsa-da, yagona maqsadga — ayol hayoti va oila farovonligida aniq, barqaror o‘zgarishlarni ta’minlashga xizmat qiladi.
Birinchisi, iqtisodiy faol bo‘lmagan har bir xotin-qiz bilan manzilli ishlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish.
Ikkinchisi, xorijda mehnat qilayotgan xotin-qizlar va ularning oilalari bilan tizimli ishlash, farzandlarini davlat e’tibori va g‘amxo‘rligi bilan qamrab olish.
Uchinchisi, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan ayollarni ta’lim, kasb-hunar, psixologik va huquqiy yordam orqali jamiyatga ijtimoiy moslashtirish.
To‘rtinchisi, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik xavfini barvaqt aniqlashga xizmat qiladigan elektron tizimni joriy etish.
Beshinchisi, oilalarni mustahkamlash, ajrimlarni kamaytirish, yoshlarni oilaviy hayot va nikohga tayyorlash hamda bepul oilaviy psixologik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu vazifalarning eng muhim amaliy manzili belgilab berildi: islohotlar natijasi, avvalo, mahallada va odamlarning kundalik hayotida sezilishi shart. Davlatimiz rahbari mahallani aholi uchun ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylantirish, kundalik masalalarni ortiqcha ovoragarchiliksiz joyida hal etish hamda “mahalla yettiligi”ning mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Belgilab berilgan ushbu vazifalar mazmunan bir-birini to‘ldiradi. Bir tomonda, har bir xotin-qiz va oilaning aniq ehtiyoji, ikkinchi tomonda esa bu ehtiyojni eng yaqindan biladigan, muammoni barvaqt aniqlab, amaliy yechimga yo‘naltira oladigan mahalla tizimi turibdi. Oldimizdagi asosiy vazifa — oila va xotin-qizlar bilan ishlash sohasini mahallada aniq natija beradigan yaxlit boshqaruv tizimiga aylantirish.
O‘zgarayotgan savol va talablar
Sohadagi islohotlar ish uslubi bilan birga faoliyatni baholash mezonlarini ham o‘zgartirishni talab etmoqda. Endi “qancha tadbir o‘tkazildi?”, “qancha uchrashuv tashkil etildi?” yoki “qancha xotin-qiz ro‘yxatga kiritildi?” degan raqamlarning o‘zi yetarli emas. Asosiy savol — amalga oshirilgan choralar ayol va uning oilasi hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar uchun zamin yaratdi?
Kasbga o‘qitilgan xotin-qiz doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldimi? Ko‘mak ko‘rsatilgan oilaning muammosi hal etildimi? Zo‘ravonlik xavfi mavjud xonadonda og‘ir oqibat yuz bermasidan oldin chora ko‘rildimi? Xorijda mehnat qilayotgan onaning farzandlari e’tibordan chetda qolmadimi? Oila qurayotgan yoshlar nikohning huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy mas’uliyatini anglab yetdimi? Hisobotdagi raqam emas, ana shu savollarga berilgan javob amalga oshirayotgan faoliyatimizning haqiqiy samarasini ko‘rsatadi.
Bu yondashuv, ayniqsa, iqtisodiy faol bo‘lmagan xotin-qizlar bilan ishlashda muhim. Birinchi ustuvor vazifani faqat bo‘sh ish o‘rni taklif etish, kredit ajratish yoki asbob-uskuna berish bilan bajarilgan deb bo‘lmaydi. Xotin-qizning iqtisodiy faol emasligi ortida kasb va malaka yetishmasligi, yosh farzand yoki parvarishga muhtoj oila a’zosiga qarash, salomatlik, transport, moliyaviy savodxonlik yoki bozorga chiqish imkoniyati bilan bog‘liq turli sabablar bo‘lishi mumkin.
Barchaga bir xil yechim taklif qilish o‘rniga har bir xotin-qizning qobiliyati, qiziqishi, oilaviy sharoiti va hududdagi iqtisodiy imkoniyatlardan kelib chiqib, individual yo‘nalish belgilash zarur. Bir ayol uchun zamonaviy kasb egallash maqbul bo‘lsa, bosh¬qasi uchun masofaviy mehnat, kooperatsiya, kasanachilik, tadbirkorlik yoki tomorqadan daromad olish ma’qul va samarali bo‘lishi mumkin.
Ajratilgan kredit yoki tugallangan o‘quv kursi hali yakuniy natija emas. Natija xotin-qiz ish boshlaganida, mahsuloti bozorini topganida, daromadi barqarorlashganida va bu o‘zgarish oilasining turmush darajasida aks etganida yuzaga keladi. Buning uchun ish o‘rni bilan bir qatorda maktabgacha ta’lim va kunduzgi parvarish xizmatlari, transport, raqamli infratuzilma hamda qulay mehnat shakllarini ham rivojlantirish talab etiladi.
Yuksak insonparvarlik ifodasi
Oldimizga qo‘yilayotgan vazifalar bir nuqtada tutashadi: ayol qayerda bo‘lishidan va qanday hayotiy vaziyatga tushishidan qat’i nazar, davlatning e’tibori va himoyasidan chetda qolmasligi kerak. “Hech bir ayol o‘z muammosi bilan qolib ketmasligi kerak” degan tamoyil kundalik shiorimizga aylanadi. Zero, ushbu g‘oya asosida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va oilalardagi muammolarni hal etishga qaratilgan yuksak insonparvarlik ifodasi mujassam.
Xorijda mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan ishlashga faqat migratsiya masalasi sifatida qarash yetarli emas. Ayolning xorijga ketishi ortida ko‘pincha oila daromadi, ¬muayyan og‘ir vaziyatdan chiqish va farzandlar kelajagi turadi. Biroq u yerda ish haqining kechiktirilishi, hujjatlar bilan bog‘liq muam¬molar, mehnat yoki jinsiy ekspluatatsiya, odam savdosi va zo‘ravonlik xavfi ham yuzaga kelishi mumkin. Vatanda qolgan farzandlar esa mehr, nazorat va psixologik ko‘makka ehtiyoj sezadi.
Shuning uchun xorijdagi xotin-qiz va uning vatandagi oilasi bilan ishlash yagona uzviy zanjir asosida tashkil etilishi zarur. U xorijga chiqishdan oldingi huquqiy va kasbiy tayyorgarlik, xavfsiz migratsiya bo‘yicha o‘quv, xorijda konsullik va tezkor yordam, farzandlarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash hamda ayol qaytganidan keyin uning kasbiy va iqtisodiy moslashuvini qamrab oladi. Davlat uchun migrantning pul o‘tkazmasi bilan birga uning sha’ni, huquqi, salomatligi va oilasining butunligi ham muhim.
Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan xotin-qizlar bilan ishlashda ham bir xil qolipdan foydalanib bo‘lmaydi. Jazo muddatini o‘tab qaytgan ayol, zo‘ravonlikdan jabrlangan ona, uy-joysiz qolgan xotin-qiz yoki nogironligi bo‘lgan farzandni yolg‘iz tarbiyalayotgan onaning ehtiyoji turlicha. Bir martalik moddiy yordam yoki vaqtincha boshpana muammoni yengillatishi mumkin, ammo uning sabablarini bartaraf etmaydi.
Har bir holatni alohida, manzilli o‘rganib, huquqiy, tibbiy, psixologik, ta’lim va bandlik masalalarini yagona individual reja asosida hal etish zarur. Maqsad ayolga vaqtincha ko‘mak berish emas, uni sog‘lom hayotga ruhlantirish va yana avvalgi nosog‘lom muhitga tushib qolishining oldini olishdir.
Zo‘ravonlikka qarshi kurashda ham sodir etilgan holatni qayd etish bilan cheklanmay, xavf belgilarini barvaqt aniqlash va vaziyat og‘irlashmasidan oldin chora ko‘rishga o‘tishimiz kerak. Joriy etiladigan elektron tizim ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, ta’lim, mahalla va sud-huquq organlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlaydigan amaliy mexanizm bo‘lishi lozim. Takroriy murojaatlar, tan jarohatlari, muntazam nizolar, tahdidlar, bolalarning dars qoldirishi va qaramlik bilan bog‘liq holatlar xavf darajasini erta baholash imkonini beradi.
Texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Har bir xavf signali ortidan darhol harakat qiladigan malakali mutaxassislar, aniq algoritm, xavfsiz joy, tibbiy, psixologik va huquqiy yordam bo‘lishi shart. Shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi, maxfiylik va jabrlanuvchining xavfsizligi esa qat’iy ta’minlanadi.
Oila mustahkamligi mahalladan boshlanadi
Beshinchi ustuvor vazifa — oilalarni mustahkamlash, ajrimlarni kamaytirish, yoshlarni nikohga tayyorlash va aholi uchun bepul psixologik xizmatlarni kengaytirishdir.
Oila mustahkamligini nikohning rasman saqlanib qolishi bilangina baholab bo‘lmaydi. Doimiy nizo, zo‘ravonlik yoki iqtisodiy qaramlik, ma’naviy va ruhiy bosimlar hukm surgan oilani har qanday yo‘l bilan saqlab qolishga urinish maqsadimiz emas. Asosiy maqsad — o‘zaro hurmat, ishonch, mehr va ¬mas’uliyatga asoslangan oilalar sonini ko‘paytirish.
Buning uchun ishni muammo paydo bo‘lganidan keyin emas, yoshlar oila qurish ostonasiga kelmasidan avval boshlash zarur. Ularni to‘yga emas, oilaviy hayotga tayyorlashimiz lozim. Nikohning huquqiy va iqtisodiy jihatlari, oila budjeti, farzand tarbiya¬si, sog‘lom muloqot va nizolarni hal etish madaniyati bo‘yicha hayotiy bilimlar ko‘plab muammolarning oldini oladi. Bu mas’uliyat faqat qizlarga emas, yigitlarga ham birdek taalluqli.
Oilaviy psixologik xizmatlar aholi uchun yaqin, sifatli va maxfiy bo‘lishi kerak. Psixologga ajrim yoqasiga kelganda emas, dastlabki tushunmovchiliklar paydo bo‘lgan paytda murojaat qilish madaniyatini shakllantirish muhim.
Bu ishlardan kutilayotgan natija, avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi. Oilaning haqiqiy holati, xotin-qizning ehtiyoji va bolaning muammosi birinchi galda shu manzilda ko‘rinadi. Xotin-qizlar faoli vaziyatni barvaqt seza oladigan muhim bo‘g‘in, ammo barcha masalalar uchun yakka o‘zi javobgar emas. U muammoni aniqlab, tegishli mutaxassisga yo‘naltiradi va yechimgacha bo‘lgan jarayon uchun da’vogar bo‘lishi kerak. Mahalladagi mas’ullar esa muayyan oila manfaati uchun yagona jamoa sifatida birlashishi shart. Mahalla muammoni boshqa idoraga uzatadigan emas, yechim shakllanadigan asosiy manzilga aylanishi kerak.
Ijtimoiy yordamning haqiqiy ehtiyojmandga yetib borishi ham davlatga ishonch bilan bog‘liq. Muhtoj oilani ijtimoiy reyestrdan chetda qoldirish — uni kafolatlangan ko‘makdan mahrum etish, muhtoj bo‘lmagan shaxsni manfaat yoki tanish-bilishchilik asosida ro‘yxatga kiritish esa boshqa bir oilaning haqiga nisbatan tajovuzdir. Shuning uchun har bir qaror aniq mezonlar, xolis ma’lumot va shaxsiy mas’uliyatga asos¬lanishi shart.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimi
Belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha dastlabki amaliy ishlarni boshladik. Mas’ul vazirlik va idoralar ishtirokidagi ishchi guruh yig‘ilishida oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimini yaratish, davlat boshqaruvini takomillashtirish va beshta ustuvor vazifani amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. Mahalladan respublika darajasigacha bo‘lgan hamkorlikni kuchaytirish, vazifalar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va har bir holatga individual yondashuvni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash hamda maxsus shtab faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Oila va xotin-qizlar bilan bog‘liq vazifalarni bir idora imkoniyati bilan hal etib bo‘lmaydi. Bandlik va bank tizimi, tibbiyot, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim, ijtimoiy himoya, mahalla, psixologlar va jamoatchilik bir maqsad yo‘lida harakat qilgandagina yaxlit natijaga erishiladi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ana shu hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi va barcha darajada aniq natijaga da’vogarlik qiluvchi markazga aylanadi.
Yaqin istiqbolda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda tizimli ish olib boramiz.
Birinchidan, har bir mahallaning oila va xotin-qizlar bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy xaritasini shakllantiramiz. Unda muammolar bilan birga bo‘sh ish o‘rinlari, kasbga talab, ijtimoiy xizmatlar va tadbirkorlik resurslari ham aks etadi.
Ikkinchidan, har bir murakkab holat uchun individual ish rejasi va mas’ul mutaxassis belgilaymiz. Fuqaro idorama-idora yurmaydi, davlat tizimi uning muammosi ortidan harakat qiladi.
Uchinchidan, xotin-qizlarni iqtisodiy faollashtirish dasturlarini hudud ixtisoslashuvi va bozor talabiga bog‘laymiz. Kasbga o‘qitishdan oldin real ish beruvchi yoki mahsulot bozori aniqlanadi, moliyaviy ko‘mak esa maslahat va savdo zanjiri bilan uyg‘unlashtiriladi.
To‘rtinchidan, “Xorijdagi ayol va uning oilasi” kompleks dasturini ishlab chiqamiz. U xavfsiz migratsiya, xorijda huquqiy himoya, farzandlar bilan ishlash va vataniga qaytgan ayolni munosib ish bilan ta’minlashni yagona tizimda qamrab oladi.
Beshinchidan, zo‘ravonlik xavfini barvaqt aniqlash elektron tizimini aniq harakat algoritmi bilan joriy etamiz. Har bir signalga kim, qancha vaqt ichida va qanday chora bilan javob berishi belgilab qo‘yiladi.
Oltinchidan, oilaviy psixologik xizmatlarning yagona milliy standartini ishlab chiqib, mutaxassislar malakasi, xizmat sifati, maxfiylik va natijani baholash mezonlarini belgilaymiz. Masofaviy maslahat va tezkor psixologik yordam imkoniyatlari ham kengaytiriladi.
Yettinchidan, yoshlarni nikohga tayyorlash tizimini tubdan yangilab, huquqshunos, psixolog, shifokor, iqtisodchi va tajribali oilalar ishtirokida hayotiy vaziyatlarga asoslangan dasturlarni joriy qilamiz.
Sakkizinchidan, mahalladagi xotin-qizlar faollarining ijtimoiy diagnostika, oila psixologiyasi, muzokara, zo‘ravonlik xavfini aniqlash, bandlik va tadbirkorlik bo‘yicha bilimlarini muntazam oshirib boramiz.
To‘qqizinchidan, hududlar faoliyatini tadbirlar soni bilan emas, hal etilgan muammolarning barqarorligi, ayollar daromadining oshishi, takroriy zo‘ravonlik holatlarining kamayishi va fuqarolar roziligi bilan baholaymiz.
O‘ninchidan, jamoatchilik bilan ochiq muloqot va qayta aloqani kuchaytiramiz. Har bir murojaatni tizimni takomillashtirish uchun signal, asosli tanqidni esa xulosa chiqarish uchun imkoniyat sifatida qabul qilamiz.
Ishonchni amaliy natija bilan oqlaymiz
Bugun oila va xotin-qizlar sohasida ishlashning yangi bosqichiga qadam qo‘yyapmiz. Bu bosqichda muammo yuzaga kelganidan keyin chora ko‘rish emas, uni barvaqt aniqlash, barchaga bir xil yondashuv emas, har bir insonning hayotiy sharoitiga mos yechim topish, bajarilgan ishlar soni emas, ularning barqaror natijasi asosiy mezon bo‘ladi.
Zero, oldimizdagi eng asosiy maqsad — oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarga oid har qanday muammoni barvaqt aniqlash, manzilli hal qilish va barqaror natijaga erishadigan yaxlit tizimni qaror toptirish.
Bu mas’uliyat yo‘lida tegishli vazirlik va idoralar, hudud rahbarlari, mahalla tizimi, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari imkoniyatlarini yagona maqsad atrofida birlashtirishga harakat qilamiz. Hech bir murojaat shunchaki qayd etilib, hech bir muammo bir idoradan boshqasiga yo‘naltirish bilan qolib ketmasligi lozim.
Biz faoliyatimizni qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan rejalar bilan emas, hal etilgan muammolar, mustaqil daromadga ega bo‘lgan xotin-qizlar, xavfdan asralgan taqdirlar va mustahkamlangan oilalar bilan isbotlashimiz kerak. Yuksak ishonchni oqlashning eng to‘g‘ri yo‘li ham shu, sohadagi amaliy o‘zgarishlarni har bir mahalla va har bir xonadon hayotiga olib kirish.
Dilnoza KATTAXONOVA,
Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi