Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligi oshiriladi

    Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazi deb qayta nomlandi.

    “Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokidagi «Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori (PQ–254-son, 19.08.2025-y.) qabul qilindi.

    Mazkur qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish;

    sohadagi tibbiyot va taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiy va diagnostik asbob-uskunalar bilan jihozlash.

    Loyihani amalga oshirish muddati 2025–2032-yillar etib belgilangan.

    Qarorga koʻra, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazi deb qayta nomlandi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi JICA koʻmagida yaponiyalik mutaxassislar guruhini jalb etish uchun Yaponiyaning “Yakuzemi Information Education Center” konsalting kompaniyasi bilan xorijiy valyutada 1-yil muddatga shartnoma imzolashi belgilandi.