Taʼkidlanganidek, soʻngi toʻrt yil mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasi uchun ulkan islohotlar yili sifatida tarixga kirdi, sogʻliqni saqlashning birlamchi tibbiy xizmat, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat, xususiy tibbiyot, aholining reproduktiv salomatligini asrash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, dori taʼminotini yaxshilash, malakali kadrlar bilan taʼminlash, tibbiy taʼlimni rivojlantirish kabi barcha yoʻnalishlarida qator islohotlar amalga oshirildi.
2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturida aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish vazifasi belgilangan. Bunda kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari roʻyxatini ishlab chiqish va tasdiqlash, Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish, tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib ushbu amaliyotni respublikaga tatbiq qilish rejalashtirilgan.
Davra suhbatida qayd etilganidek, davlat tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar doirasini belgilab, pulli va bepul davolanish oʻrtasida aniq chegara oʻrnatilmagani fuqarolarning sogʻligʻini saqlash tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni samarali hal etishga toʻsqinlik qilayotgan muammolardan biridir. Deputatlarning hududlardagi uchrashuvlarida ham fuqarolar tomonidan davolash-profilaktika muassasalarida ayrim holatlarda pulli xizmat koʻrsatilayotgani, ularning tuman shifoxonalarida davolanish chogʻlarida shifokor tomonidan retsept yozib berib, zarur dori-darmonlarni olib kelinishi soʻralayotgani eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan edi.
Shuningdek, fuqarolar pulli va bepul tibbiy xizmatlarning turlari, pulli tibbiy xizmatlardagi narx-navoning shakllanish asoslari toʻgʻrisida koʻplab savollar bilan murojaatlar qilmoqda. Hattoki, baʼzi tibbiyot xodimlari ham qanday tibbiy xizmatlar davlat tomonidan qoplanishi toʻgʻrisida aniq tushunchaga ega emas edi.
Sohada uchrayotgan bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket ishlab chiqilib, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari bilan kelishgan holda tasdiqlandi. Unga muvofiq, aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatish dastlab, tajriba sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida yoʻlga qoʻyish belgilandi va bu boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Aholiga kafolatlangan paket doirasida mutlaqo yangi patronaj tizimi, tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik xarajat guruhlari boʻyicha kishi boshiga moliyalashtirish tizimi va davlat tibbiy sugʻurtasi joriy etiladi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar, ularning qanday mezonlar asosida kiritilgani, bu xizmatlar qaysi muassasalarda amalga oshirilishi, qanday dori vositalari bu paketdan joy olgani, uni amaliyotga joriy qilish toʻgʻrisidagi masalalar qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.
Aholining turmush darajasi va farovonligini yana-da oshirishga qaratilgan ishlar izchilligini taʼminlash, jamiyatimiz, xalqimiz va mamlakatimizning yana-da ravnaq topishiga xizmat qiladigan, Davlat dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi ustidan muntazam parlament va deputatlik nazorati olib borilishi taʼkidlandi.
Davra suhbatida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat koʻrsatish holatini joylarda oʻrganish va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirilib, qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.