Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida aholiga qulay va sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya, tez tibbiy yordam hamda ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatishda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb masalalaridan biridir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan davra suhbatida shu xususda soʻz yuritildi. Tadbirda aholiga koʻrsatilayotgan gematologiya xizmati holati atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda qon tizimi va limfoid toʻqimalarning onkologik kasalliklari odamlarda uchraydigan beshta eng xavfli kasalliklar qatoriga kiradi va dunyodagi barcha tashxis qoʻyilgan saraton kasalliklarining taxminan 7 foizini tashkil qiladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida aholiga koʻrsatilayotgan gematologiya xizmati holati yana-da yaxshilandi, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash tizimi takomillashdi hamda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
Bugungi kunda respublikamiz aholisiga gematologik xizmat Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2020-yil 10-fevraldagi «Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan hozirgi kunda markaz bazasida molekulyar tibbiyot va hujayra texnologiyalari laboratoriyasi, 5 oʻrinli gemopoetik oʻzak hujayralar bilan davolash boʻlimi tashkil qilingan. Davlat dasturlari hisobidan reanimatsiya boʻlimi uchun 2 ta sunʼiy nafas olish apparati, 20 dona kislorod konsentratori, 10 dan ortiq infuzion pompalar, kardiomonitorlar, defibrillyator va portativ ultratovush apparatlari keltirildi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2021-yil 27-maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori bilan gematologiya va onkologiya yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mazkur sohada aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, koʻlami va samaradorligini oshirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz taʼminlash, shifoxonalarni zamonaviy diagnostika laboratoriyalari va tibbiy texnikalar bilan jihozlash vazifalari belgilangan.
Davra suhbatida taʼkidlanishicha, deputatlarning joylarda olib borgan oʻrganishlari jarayonida viloyatlarning uzoq hududlari, tuman(shahar)larida oq qon va ogʻir irsiy gematologik kasalliklarga chalingan fuqarolarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat talab darajasida emasligi aholining jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlayotganligi aniqlandi. Deputatlar tomonidan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida oq qon va ogʻir irsiy gematologik kasallikka chalingan aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar ahvoli, kasalliklar diagnostikasi va tibbiy amaliyotlar uchun ajratilayotgan byudjet mablagʻlarning maqsadli sarflanishi holatlari oʻrganilgan hamda bu kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar bilan yuzma-yuz muloqot qilingan.
Tadbirda oʻrganish yakunlari yuzasidan axborot eshitildi va muhokama qilindi. Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbarining «Aholiga gematologiya va qon quyish xizmatini koʻrsatishning holati toʻgʻrisida»gi axboroti eshitildi.