Anjuman “Oʻzbekkoʻmir” AJ: 2021-yil yakunida kutilayotgan natijalar va Respublika aholisini mahalliy koʻmir bilan taʼminlashning imkoniyatlari” mavzusiga bagʻishlandi. Mavzu yuzasidan jamiyat bosh direktori oʻrinbosari Erkin Yakubov, mahsulot yuklash xizmati rahbari Elmar Shamxalov, “Koʻmir taʼminot” MCHJ boʻlim boshligʻi Baxtiyor Uzoqov tomonidan tegishli axborotlar berildi.

Joriy kuz-qish mavsumida havo haroratining ancha past kelishi oqibatida energiya resurslari, jumladan koʻmir yoqilgʻisiga nisbatan talab oshdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda bir necha viloyatlar hokimliklaridan qoʻshimcha koʻmir yetkazib berish boʻyicha murojaatlar kelib tushgan.

Bugungi kunga qadar “Oʻzbekkoʻmir” AJ tomonidan aholiga 820 ming tonna koʻmir mahsulotlari yetkazib berildi. Ayni paytda hududlarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan import koʻmir mahsulotlari savdosi ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, shu kunga qadar 196 ming tonna import koʻmir aholiga sotilgan.

Bugungi kunda jamiyat tomonidan respublika isteʼmolchilariga 5 million 200 ming tonna (rejaga nisbatan 113%), shu jumladan issiqlik elektr stansiyalariga – 3 mln 683 ming tonna (rejaga nisbatan 112 foiz), byudjet tashkilotlariga – 454,7 ming tonna (rejaga nisbatan 101 foiz), aholiga – 820 ming tonna, iqtisodiyotning real sektoriga – 233 ming tonna koʻmir mahsuloti yetkazib berilgan.

Isteʼmolchi aholi uchun kunlik koʻmir ortib yuborish miqdori oʻrtacha 3,5 ming tonnani tashkil qilmoqda.

Joylarda koʻmir yoqilgʻisi tarqatiladigan “Koʻmir taʼminot” maʼsuliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 102 ta hududiy koʻmir omborlari va savdo shoxobchasi (88 ta ombor va 14 ta shoxobcha) mavsumga tayyorlangan. Omborlarda ortish ishlarini jadal amalga oshirish maqsadida ular qoʻshimcha 61 ta yuklovchi transport vositasi (avtoyuklagich), 56 ta maxsus yuk tashuvchi transport vositasi, 89 ta tarozi bilan taʼminlangan.

Joriy yil yakunida isteʼmolchilarga 5 million 300 ming tonna (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 130 foiz) shu jumladan, aholi ehtiyojlari uchun 31-dekabrga qadar qoʻshimcha 100 ming tonna, iqtisodiyotning real sektoriga qoʻshimcha 30 ming tonna koʻmir yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, hududlarda yangi qurilib ishga tushirilayotgan ijtimoiy obyektlariga asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq hamda moliyaviy manbai aniqlangan taqdirda qoʻshimcha koʻmir yetkazib berish choralari koʻriladi. Ayni kunlarda koʻmir omborlarimizda 49 204 tonna koʻmir zaxirasi mavjud.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Hasan Abdunazarov.