2020-yil 7-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kengaytirilgan majlisida 2021-yilda Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar berish uchun tijorat banklariga resurslar taqdim qilishga 100,0 mlrd. soʻm, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni turar-joy bilan taʼminlashda boshlangʻich badallarini qaytarilmaslik sharti bilan toʻlab berishga 36,8 mlrd. soʻm, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi boʻlgan ayollarga moddiy yordam koʻrsatishga 18,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilishi nazarda tutilganligini alohida eʼtirof etdi.
Aholining muhtoj qatlamlarini arzon uy-joylar bilan taʼminlash uchun 2021-yilda qishloq joylarda va shaharlarda koʻp kvartirali uylarni qurishni moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 2,4 trln. soʻm ajratish koʻzda tutilgan.
Majlisda senatorlar pandemiya sharoitida ham Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini taʼkidladi. Qolaversa, Davlat byudjet va uni ijrosini koʻrib chiqish jarayonlari bilan bogʻliq boʻlgan koʻplab takliflar bildirildi.
Shuningdek, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni yuzasidan Senat qoʻmitalarining qoʻshma qarori qabul qilindi.