Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish hamda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Bugungi kunda yurtimizda 14 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, 30 ta kasb-hunarga oʻqitish markazi, 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskani hamda Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslarini tashkil etish uchun professional taʼlim muassasalarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab monomarkazlar bitiruvchilarining kasbiy malakasini “WorldSkills” xalqaro standartlari asosida baholash, ularga barcha davlatda tan olinadigan Skills pasporti berilishi yoʻlga qoʻyildi va kasbiy malakasi tasdiqlangan bitiruvchilarning Yagona reyestri shakllantirildi. Oʻqishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtirildi.

Ushbu taʼlim muassasalarida joriy yilning 4 oyi davomida 62 ming nafarga yaqin ishsiz va band boʻlmagan fuqarolar mehnat bozorining ehtiyojidan kelib chiqib kasb-hunarga oʻqitildi.

Bundan tashqari tegishli vazirlik va idoralarning “Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish hamda biznes loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjatga muvofiq, tuman, shaharlarda ishsiz va band boʻlmagan 14 ming nafar yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish va biznes loyihalarini amalga oshirish orqali bandligiga koʻmaklashildi.

Bugungi kunda Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tarkibida rasmiy ravishda 31 ta Kunlik mehnat markazlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu markazlar tomonidan 2021-yil yanvar-mart oylari davomida 5,1 ming nafar fuqarolarga vaqtinchalik ish topishga koʻmaklashildi. Taʼkidlash joiz, vaqtinchalik bir martalik ishlarga jalb etish byurolari orqali hududlarda aholi asosan qurilish ishlari, uy xoʻjaligi ishlari, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, obodonlashtirish ishlari, yuk tashish va boshqa yoʻnalishdagi ishlarga jalb etilmoqda.