Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulov roʻyxatga olish savolnomasini har bir shaxs oʻzi toʻldirishi, oʻzi va oilasiga tegishli shaxsiy maʼlumotlarni begonalarga taqdim etmasligi zarurligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, bu roʻyxatga olish qonunchiligiga ham toʻgʻri kelmaydi hamda shaxsga doir maʼlumotlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanish kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuni inobatga olgan holda har bir shaxs oʻzi va oila aʼzolari uchun roʻyxatga olish savolnomasini mustaqil shaklda toʻldirishi tavsiya etiladi. Bu oʻz oʻrnida shaxsiy maʼlumotlaringiz daxlsizligini taʼminlaydi.
Shuningdek, Usmon Abdurasulov aholidan kelib tushayotgan savollarga ham javob berib oʻtdi.
— Onlayn roʻyxatdan oʻtish jarayonida savolnomada oila aʼzolarimni ham kiritib, roʻyxatdan oʻtdim. Biroq sertifikat faqat mening nomimga shakllantirildi. Ayni paytda oila aʼzolarimning ish joylari tomonidan ularning ham roʻyxatdan oʻtganini tasdiqlovchi sertifikat soʻralmoqda. Bunday holatda qanday yoʻl tutish lozim?
— Agar onlayn roʻyxatdan oʻtish jarayonida oila aʼzolaringiz yagona savolnoma orqali kiritilgan boʻlsa, ularning barchasi aholini roʻyxatga olish jarayonida toʻliq roʻyxatdan oʻtgan hisoblanadi. Bu amaldagi qonunchilik talablariga toʻliq mos keladi.
Axborot tizimi tomonidan sertifikat faqat bitta – asosiy respondent nomi bilan shakllantiriladi. Shu sababli oila aʼzolari uchun alohida sertifikat avtomatik tarzda berilmaydi.
Shu bilan birga, ayrim holatlarda ish joylari yoki tashkilotlar tomonidan onlayn roʻyxatdan oʻtgan oila aʼzolari tarkibi haqida qoʻshimcha maʼlumot soʻralishi mumkinligi inobatga olingan. Mazkur ehtiyojdan kelib chiqib, census.stat.uz portali orqali shakllantiriladigan sertifikatning quyi qismida roʻyxatdan oʻtgan barcha oila aʼzolarining roʻyxati aks ettirilgan.
Ushbu sertifikat orqali fuqarolar ish joylari yoki boshqa tashkilotlar talabiga koʻra, xonadon aʼzolarining onlayn roʻyxatdan toʻliq oʻtganini oson va ishonchli tarzda tasdiqlashlari mumkin.
Onlayn roʻyxatdan oʻtish jarayonida maʼlumotlarni diqqat bilan, toʻgʻri va toʻliq kiritishingizni soʻraymiz. Xususan, xonadonda amalda yashab turgan barcha oila aʼzolari, tomorqa (hovli) yer maydoni va undan foydalanish holati, shuningdek, mavjud chorva va parrandalar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniq va ishonchli tarzda kiritilishi lozim.
Eslatib oʻtamiz, roʻyxatga olish jarayonida taqdim etilgan maʼlumotlar soliq va boshqa davlat organlariga berilmaydi hamda ularning maxfiyligi qonunchilik bilan kafolatlangan.
Doimiy roʻyxatdan oʻtgan (propiska) manzilingizdan qatʼi nazar, onlayn roʻyxatdan oʻtishda amalda yashab turgan manzilingiz — ijaradagi uy-joy, yotoqxona yoki boshqa turar joy obyekti manzili koʻrsatilishi zarur.
Roʻyxatga olish axborot tizimi kiritilgan maʼlumotlarni avtomatik ravishda mantiqiy tekshiruvdan oʻtkazadi. Agar maʼlumotlarda xato yoki noaniqliklar aniqlansa, jumladan, xonadon aʼzolaridan biri haqidagi maʼlumot qolib ketgan taqdirda, 4–28-fevral kunlari mahalla yettiligi vakillari tomonidan xonadonga tashrif buyurib, qayta roʻyxatga olish amalga oshirilishi mumkin.
Oʻz vaqtida, toʻgʻri va toʻliq toʻldirilgan savolnoma ortiqcha vaqt sarfi hamda keraksiz bezovtachiliklarning oldini oladi. Shu munosabat bilan, savolnomani birinchi martayoq masʼuliyat bilan va ishonchli maʼlumotlar asosida toʻldirishingizni soʻraymiz.
Onlayn roʻyxatga olish jarayonida kiritilgan har bir maʼlumot — har bir fuqaro, har bir xonadon va har bir qarich yer haqidagi aniq maʼlumot — mamlakatimiz taraqqiyotini rejalashtirish va aholi farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.