Mazkur tadbir yurtdoshlarimiz soni, yoshi, milliy tarkibi, turmush sharoiti, bandligi kabi aniq statistik maʼlumotlarni shakllantirishga qaratilgan muhim jarayondir. Oʻtgan bir necha yilda bunga katta tayyorgarlik koʻrilgani, amaliyot baʼzi hududlarda sinov tariqasida ham oʻtkazilgani aytilmoqda.

Endi ana shu roʻyxatga olish tadbiri umum­milliy tarzda uyushtiriladi. Toʻgʻri, hozir ham mamlakatimiz aholisi va yer maydoni haqidagi maʼlumotlar, statistika koʻrsatkichlari mav­jud. Ammo ular ancha ilgari, qolaversa, eski usullarda shakllantirilgan. Aniqrogʻi, yur­timizda oxirgi marta 1989-yili aholi umum­milliy roʻyxatga olingan. Oʻtgan 35 yildan ortiq vaqt davomida demografik va ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarda yaxshigina oʻzgarishlar boʻlgan. Ayniqsa, oxirgi oʻn yillikda Oʻz­bekiston taraqqiyoti ham, rivojlanishi va aholi farovonligi ham avvalgidan tubdan farq qiladi. Oʻsish va oʻzgarish nihoyatda katta. Aho­li soni ham shunga mos tarzda oshib boryapti. Esimda, avvallari aholi soni bilan bogʻliq raqamlardagi oʻzgarishlar bir necha yilda bir oʻzgarardi. Hozir raqamlar yiliga sezilarli oʻsyapti, allaqachon 38 million kishidan oshdik.

Bularning barchasi ijobiy koʻrsatkich, albat­ta. Ana shu oʻzgarishlarning hammasi yurtimizda aholi va qishloq xoʻjaligi yerini roʻyxatga olish­ning yangi bosqichini oʻtkazish zaruratini yuzaga keltirdi. Aniqrogʻi, bu zarurat paydo boʻlganiga bir necha yil boʻldi. Shunchaki jarayon eng zamona­viy va xalqaro standartlar asosida oʻtkazilishi uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrildi. Nihoyat kelgu­si yili avvalida mamlakatimiz boʻylab umummil­liy roʻyxatga olish tadbiri tashkil etiladi.

Xoʻsh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, aholi va turmush sharoiti toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlar aynan roʻyxatga olish ja­rayonida shakllantiriladi. Masalan, Fargʻonada necha kishi ishsiz? Andijonda nechta oila uy-joyga muhtoj? Sir­daryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurilishi lo­zim? Qashqadaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Toshkent shahrida aslida, qancha kishi is­tiqomat qiladi va hokazo. Aholi­ni roʻyxatga olish amaliyoti shu kabi koʻplab savollarga javob, muammo­larga yechim topish imkonini beradi.

— Jahon tajribasiga koʻra, mamla­kat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar boʻyicha batafsil maʼlu­mot toʻplashning eng samarali usuli aholini roʻyxatga olishdir, — deydi Milliy statistika qoʻmitasi matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Kamola Ismoilova. — Rivojlangan davlatlar amaliyotida har oʻn yil­da bir marta aholini, har besh yilda bir qishloq xoʻjaligi yerlarini roʻyxatga olish anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Bunda mavjud statistik raqamlarni yanada aniqlashtirish, eng oxirgi maʼlumotlarni shakllan­tirish maqsad qilinadi. Shu jihatdan mazkur jarayon Oʻzbekiston uchun ham muhim. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinib, unda aholini kamida har 10 yilda, qishloq xoʻjaligini esa har 5 yilda roʻyxatga olish zarurli­gi belgilangan.

Dastlab 2021-yilda aholi va 2022-yilda qishloq xoʻjaligi maydoni sinov tariqasida roʻyxatga olindi. Ushbu amaliyot mustaqillik yillarida yurtimizda ilk bor oʻtkazilayotgani­ni inobatga olib, uni tashkil etishga puxta tayyorgarlik koʻrildi. Toʻliq roʻyxatga olish uchun zarur texnik tayyorgar­lik ishlari bajarilib, huquqiy asoslar ishlab chiqilgach, umummilliy tadbir 2026-yilda oʻtkazilishi belgilan­di. Jarayonda aholi va qishloq xoʻjaligi uygʻun holda roʻyxatga olinadi. Bu ham vaqtni, ham xarajatni te­jab, soʻrovlarni maqbullashtirish imkonini bera­di. Mazkur yondashuv mamlakatning moliyaviy va tashkiliy resurslarini samarali boshqarishga xizmat qilishi bilan birga maʼlumotlarning toʻliqligi va sifatini oshiradi.

Har bir fuqaro teng sharoitda yashash, barcha xizmatdan birdek foydalana olish, eng chekka hududlar aholisi ham suv, gaz, elektr taʼmi­notiga ega boʻlishni istaydi. Bugun davla­timiz oʻz oldiga qoʻygan asosiy vazifa ham shu. Barcha birdek farovon hayot kechirishi uchun zarur choralar koʻrilmoqda. Ayni maqsadda amaliyotda qoʻllanayotgan oʻzi­mizga xos tajriba, xususan, mahal­labay ishlash tizimi samarasini boshqa mamlakatlar ham eʼtirof etyapti. Qilinayotgan ishlar na­tijadorligi yanada ortishi, har bir yurtdoshimiz yaxshiroq yashashi uchun ham roʻyxatga olish amaliyoti muhim.

— Jarayon uch bosqichda tashkil etiladi, — deydi Kamola Ismoilova. — Dastlabki 17 kunda aho­liga internet orqali maʼlumotlarni kiritish imkoniyati yaratiladi. Bunda fuqarolar census. stat.uz portali orqali OneID tizimi yordami­da roʻyxatdan oʻtadi. Shundan soʻng oʻzi va oila aʼzolari toʻgʻrisidagi savolnomani mustaqil toʻldirishi mumkin. Soʻrovnomada 71 ta savol boʻlib, 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xoʻjali­giga oid. Jumladan, asosiy demografik koʻrsat­kichlar, aholining daromad manbai, bandligi va taʼlim darajasi, turar joy xususiyatlari, ayrim toifalar, chet el fuqarolari hamda qishloq xoʻjaligi boʻyicha savollar oʻrin olgan.

Keyingi bir oyda esa “mahalla yettiligi” aʼzolari ishtirokida uyma-uy yurib, maʼlu­motlar yigʻiladi. Buning uchun avval “mahalla yettiligi” aʼzolari maxsus dasturlar asosida tayyorlanadi va ularning faoliyati ragʻbatlan­tiriladi. Yettilikning aholi bilan doimiy muloqotda boʻlishi va fuqarolar ehtiyoji hamda sharoitlarini yaxshi bilishi roʻyxatga olish ja­rayonining sifati, haqqoniyligi va aniqligi­ni kafolatlaydi.

Roʻyxatga olish ishlarida mahalla instituti tizimidan faol foydalaniladi. Boisi, mahalla faollari fuqarolarni yaxshi taniydi, odamlar ham ularga ishonadi. Eshikni taqillatib borga­nida maʼlumotlarni ikkilanmay taqdim etadi. Deylik, bu masalada fuqarolar xonadoniga be­gona odam borsa, ish koʻproq vaqt olishi mumkin. Roʻyxatga olish uchun kelgan kishi maxsus xodim ekaniga odamlar ishonishi uchun ham bir oz mud­dat ketadi. Davlat tomonidan ishlab chiqilgan shaxsiy maʼlumotlar daxlsizligiga oid puxta chora-tadbirlar natijasi oʻlaroq, aynan har bir shaxsning oʻzi tanigan-bilgan “mahalla yettiligi” aʼzolarigagina ishonib maʼlumotlarni taqdim qilishi toʻgʻri boʻladi.

Belgilangan muddatda roʻyxatga olish jara­yoni yakunlangach, maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bosqichi boshlanadi. Muta­xassislarning tushuntirishicha, roʻyxatga olish natijalari Yevropa statistiklar konferen­siyasining 2020-yilgi tavsiyalariga muvofiq umumlashtiriladi. Shu tarzda mamlakatimiz aholisining demografik tarkibi, migratsiya jarayonlari, oilaviy holati, faoliyat turlari va daromad manbalari toʻgʻrisida yagona maʼlu­motlar bazasi shakllanadi. Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik sohasiga oid koʻr­satkichlar aniqlanadi.

Umummilliy roʻyxatga olish tadbiri aholi va qishloq xoʻjaligi sohasi uchun nisbatan kam harakatlanadigan qish fasliga toʻgʻri kelishi bilan ham qulaylik yaratadi. Bu vaqtda qishloq xoʻjaligida mavsumiy ishlar kamaygan boʻlib, fermer va dehqonlar uchun maʼlumotlarni taqdim etish vaqti qulay boʻlishi aytilmoqda. Mavsumiy omillarni hisobga olish, shuningdek, tashkiliy imkoniyatlardan samarali foydalanish roʻyxat­ga olish jarayonining aniqligi va toʻliqligini taʼminlaydi. Masalan, qish faslida chorva mol­larining soni va yer resurslaridan foydalanish holatini aniqlash osonroq boʻlib, bu maʼlumot­larning ishonchliligini oshiradi.

— Aholi va qishloq xoʻjaligini umummil­liy roʻyxatga olish mustaqil Oʻzbekiston ama­liyotida yangilik va katta voqea boʻlib, ushbu tarixiy hodisa xalqaro tashkilotlar tomoni­dan ham yuqori baholanmoqda, — deydi Kamola Ismoilova. — Xususan, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi hamda Oziq-ovqat va qishloq xoʻja­ligi tashkiloti ekspertlari Oʻzbekistonning aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish boʻyicha tayyorgarlik ishlari va ushbu jarayon­ning birgalikda tashkil etilishiga ijobiy xulosalar bildirgan. Ushbu xalqaro tashki­lotlarning qoʻllab-quvvatlovi yurtimizdagi roʻyxatga olish jarayonining global standart­larga muvofiqligi hamda uning natijalari xalqaro miqyosda eʼtirof etilishini koʻrsata­di.

Qisqasi, roʻyxatga olish jarayoni shuncha­ki tadbir emas, balki xalqaro ahamiyatga ega voqeadir. Bu nafaqat davlat organlari uchun statistik maʼlumotlar yigʻish vositasi, ayni vaqtda butun jamiyatning farovonligi va ke­lajakda rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiluvchi muhim tadbir. Yigʻilgan maʼlumotlar respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtiso­diy rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari ochish, aholi salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda muhim axborot bazasi boʻlib xizmat qiladi. Shu bois, roʻyxatga olishda har birimizning faol va masʼuliyatli ishtiroki­miz ushbu tarixiy jarayonning muvaffaqiyati­ni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri