Majlisda senatorlar ushbu Qonunni mamlakatimizda aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda dasturulamal boʻlib xizmat qilishini qayd etdi.

Qonunda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlarni amalga oshirish, eʼlon qilish xavfi yuzaga kelganligi toʻgʻrisida aholiga xabar berish, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning aniq vazifalari hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlariga rahbarlik qilish va yana bir qator holatlar yangi normalarda mustahkamlanyapti.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida qayd etilyapti.

Uning vakolatlariga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik ijrosini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarni oldindan prognoz qilish, oldini olish hamda bartaraf etish rejalarini ishlab chiqish va boshqalar kiritilgan.

Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda ommaviy axborot vositalarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda ishtirok etish tartibi belgilanmoqda.

Xususan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda ishtirok etish, aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishlari mumkin.

Shuningdek, ushbu Qonunda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish va shoshilinch tarzda foydalanish tartibi aniq belgilab qoʻyilmoqda.

Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tartibi, eʼlon qilish, bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qilish va rahbarlik qiluvchi shaxslarning vakolatlari hamda vazirlik va idoralarning (Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Tashqi ishlar, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi, Qurilish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari va boshqalar) vazifalari yangi alohida moddalarda belgilangan.

Senatorlar tomonidan ushbu Qonun bir ovozdan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.