Aholining bandligi va mehnat munosabatlari boʻyicha qonun hujjatlarining ijrodagi holati qanday?

    Mamlakatimizda 22 Sentabr 2021 993

    Bugun, 22-sentyabrda Adliya vazirligi tashabbusi bilan “Yuksalish” umummilliy harakati platformasida aholining bandligi va mehnat munosabatlari boʻyicha qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrodagi holati boʻyicha jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi.

    Tadbirda mutaxassislar, ekspertlar, huquqshunoslar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Jamoatchilik eshituvida Adliya vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari, vazifa va topshiriqlarning ijrosini oʻrganish natijalari muhokama etildi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta Farmoni, 9 ta qarori, shuningdek, ular asosida qabul qilingan Hukumatning 3 ta qarorlari ijrosi ahvoli oʻrganildi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali kelib tushgan 540 ta (1 ta qonun, 97 ta Farmon, 279 ta qaror, 10 ta farmoyish va 153 ta bayon) hujjatlardagi 2 446 ta nazoratga olingan bandlarning 2 120 tasi (86,6%) bajarilgan, shu jumladan, 306 ta (12,5%) topshiriqlar muddatidan kech bajarilgan, 324 ta topshiriq ijro jarayonida (13,2%), 3 ta topshiriqning ijro muddati oʻtgan.

    Oʻrganish davomida aniqlangan qonun buzilishi holatlari va sohada saqlanib qolayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi masʼul xodimlarining tushuntirish va izohlari eshitildi.

    Shuningdek, jamoatchilik eshituvi ishtirokchilarining savollariga ushbu vazirlik mutasaddi rahbarlari tomonidan javoblar berildi.

    Kelgusida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yuklatilgan topshiriqlarning ijrosini samarali taʼminlash, belgilangan maqsadlarga erishishning barcha choralarini koʻrish boʻyicha ustuvor vazifalar hamda ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik bilan faol muloqot olib borish masalalari belgilab olindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.