Joriy yilning birinchi yarim yilligida respublika byudjeti hisobidan 1779,9 km ichimlik va 74,8 km oqova suv tarmoqlari, 121 ta inshootni qurish hamda rekonstruktsiya qilish ishlari amalga oshirildi, 69 ta ob'ektda qurilish-montaj ishlari yakunlandi. Xalqaro moliya institutlari mablag'lari hisobidan 119,2 km ichimlik va 33,9 km oqova suv tarmoqlarini qurish hamda rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi. 4 ta suv taqsimlash inshooti qurildi va 5 ta suv taqsimlash inshooti rekonstruktsiya qilindi.
2022 yilda «O'zsuvta'minot» AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida 20 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki hamda Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg'armasining 1 mlrd 861 mln dollar qarz mablag'i hisobidan moliyalashtirilishi ko'zda tutilgan.
Joriy yil yakuniga qadar 2 trln so'mdan ortiq mablag'lar doirasida 527 ta inshoot, 5,5 ming km ichimlik hamda oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruktsiya qilish, shuningdek, xalqaro moliya institutlarining 245,1 mln dollar miqdoridagi mablag'i hisobidan 1,6 million aholini ilk bor ichimlik suv bilan ta'minlash, 3,4 million aholining ichimlik suv ta'minotini yaxshilash va shu tariqa markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasini 74,2 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik ko'rsatkichini esa 18 foizga etkazish rejalashtirilgan.