Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), “Demokratiya va inson huquqlari instituti” Respublika jamoat birlashmasi, Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV)ning mamlakatimizdagi boʻlimi tomonidan tashkil etildi.

Anjumanda loyihani hayotga joriy etish va penitensiar tizim faoliyati boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash masalasi muhokama etildi, ilgʻor gʻoyalarni ilgari surish boʻyicha Germaniya tajribasi oʻrganildi.

Loyiha muvofiqlashtiruvchisi A.Goroxovning oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisoboti tinglandi.

2022 yil noyabr oyida hamkorlarning Germaniya Federativ Respublikasiga oʻquv safari uyushtirilib, ozodlikka chiqqanlarni qayta ijtimoiylashtirish boʻyicha nemis tajribasi oʻrganilgan edi. Ishtirokchilarga mazkur tajriba boʻyicha taqdimot namoyish etildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, mamlakatimizda fuqarolar huquqi, erkinligi kafolatini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik maqsadida keng koʻlamli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, 2019-yildan Ombudsman huzurida qiynoqlarni oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm joriy etildi. Shu kunga qadar 2019-yilda 46 marotaba, 2020-yilda 71 marotaba, 2021-yilda 177 marotaba, 2022-yilda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish boʻyicha Parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatilishiga erishildi.

Milliy qonunchilikni xalqaro standartga muvofiqlashtirish boʻyicha ishlar sezilarli jadallashgan. Xususan, ijtimoiy xavfsiz hamda ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etib, jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarga ilk bor saylash huquqi berildi, umumiy, qattiq, maxsus, 

turma tartibi va tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon soʻzlashuvi, uchrashuvi hamda joʻnatma qabul qilishi soni, qariyb, ikki barobar koʻpaytirildi. Qolaversa, mahkumlar iltimosiga koʻra, uzoq muddatli uchrashuv 

qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali soʻzlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali soʻzlashuvga almashtirilishi joriy etildi. Kam taʼminlangan oila vakili boʻlgan jazo

muddatini oʻtayotgan shaxs yuqori haq toʻlanadigan ishga jalb etilishi taʼminlandi.

Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahri probatsiya xizmatlari faoliyati bilan tanishishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.