Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 16 Iyun 2021 8103

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, ularni ommaviy harakatga aylantirish, aholining jismoniy qobiliyatini aniqlash va rag‘batlantirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida:

    1. 2021 yil 1 avgustdan boshlab Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi (keyingi o‘rinlarda – baholash tizimi) joriy etilsin va quyidagilar uning asosiy maqsadi etib belgilansin:

    aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;

    yoshlarda iroda, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash, ularda jasorat, vatanparvarlik va sadoqat xislatlarini rivojlantirish, yurtimiz sharafini himoya qila oladigan, jismonan baquvvat va intellektual salohiyatli Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlarni tayyorlash;

    respublika hududida, shu jumladan, olis hududlarda joylashgan qishloqlar, ovullar, mahallalarda aholini sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish;

    aholi jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning xalqaro standartlari va ilg‘or xorijiy tajribasini tatbiq etish.

    2. Belgilab qo‘yilsinki:

    baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlari (keyingi o‘rinlarda – sport sinovlari) maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi;

    sport sinovlari pog‘ona va murakkablik darajasidan kelib chiqib, 15 turdagi, shu jumladan, uzoq va qisqa masofalarga yugurish hamda suzish, turnikda tortilish, anjomlarni uloqtirish va boshqa mashqlardan iborat bo‘ladi;

    sport sinovlari ishtirokchilariga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi hamda ular moddiy va boshqa sovg‘alar bilan rag‘batlantiriladi;

    Turizm va sport vazirligi sport sinovlari tadbirlari o‘tkazilishining tashkilotchisi hisoblanadi.

    3. Quyidagilar:

    Sport sinovlarining o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sport sinovlarining o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha hududiy ishchi guruhlarining namunaviy (keyingi o‘rinlarda – hududiy ishchi guruhlari) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Quyidagilar belgilansin:

    a) Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib:

    har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda barcha davlat organlari va tashkilotlarida sport sinovlarini o‘tkazish “yo‘l xaritasi” va muddatlarini belgilash;

    hududiy ishchi guruhlari hamda barcha davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish, ular tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib borish;

    sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirganlarning yuqori reyting natijalarini qayd etish tizimini yo‘lga qo‘yish;

    havaskor sportchilarning jismoniy va psixologik tayyorgarligini yaxshilashga yo‘naltirilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar olib borilishini qo‘llab-quvvatlash;

    jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida tuman (shahar)larda sport sinovlari o‘tkazilishining tashkil etilishi, shuningdek, bu borada yaratilgan sharoitlarni muntazam ravishda o‘rganib borish;

    sport sinovlarini topshirishda rekord natijalarni qayd etgan g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirish;

    b) hududiy ishchi guruhlarining asosiy vazifalari etib:

    tuman (shahar)larda jismoniy faollikni qo‘llab-quvvatlash va ommaviy sportni keng targ‘ib qilish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish;

    qishloq joylarda sport aksiyalari, havaskorlik chempionatlari, konkurslarni tashkil etish orqali sport sinovlari targ‘ibotini hamda o‘tkazilishini tashkil etish;

    sport sinovlarining (ixtiyoriy va maxsus talablarini bajargan) g‘oliblarini taqdirlash ishlarini tantanali ravishda amalga oshirish;

    sport sinovlari o‘tkaziladigan sana, o‘tish joyi, rejasi va shartlari to‘g‘risida kamida bir oy oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon berilishini ta’minlash;

    tuman (shahar)larda sport sinovlarining maxsus talablarini bajarish uchun alohida markazlarni tashkil etish va zarur hollarda sport sinovlarini o‘tkazish uchun xususiy sheriklarni jalb etgan holda tegishli shart-sharoitlarni yaratish;

    zarur hollarda sport sinovlarini takomillashtirish va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlash va Respublika komissiyasiga kiritish;

    maxsus sport sinovlari natijalarining joylarda adolat va shaffoflikni ta’minlagan holda rasmiylashtirilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish.

    5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, barcha davlat organlari va tashkilotlari:

    sport sinovlarining har yili muntazam ravishda o‘tkazib borilishida aholining barcha qatlamlari xohishlariga qarab faol ishtirokini ta’minlash choralarini ko‘rsin;

    sport sinovlarini o‘tkazish, g‘oliblarni rag‘batlantirish hamda mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan “Sport targ‘ibotchisi” xodimining qisqa muddatli malaka oshirishi bilan bog‘liq xarajatlarni nazarda tutsin.

    6. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga (K.Rafikov):

    mehnat jamoalarida xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish;

    sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga har yili bir marotaba dam olish maskanlari yoki sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar berish tartibini joriy etish tavsiya etilsin.

    7. Belgilab qo‘yilsinki:

    a) Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) – sport sinovlarini o‘tkazishda hududiy ishchi guruhlariga ko‘maklashishga, jumladan, mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan o‘z hududida istiqomat qiluvchi (doimiy yoki vaqtinchalik) uyushmagan yoshlar va aholining ro‘yxati shakllantirilishiga;

    b) Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qo‘ldoshev) – sport sinovlari o‘tkaziladigan joylar (maydonlar va sport inshootlari)da hamda ularning atrofida favqulodda vaziyatlarning oldini olishga va yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarning belgilangan tartibda amalga oshirilishiga;

    v) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev):

    barcha davlat organlari va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan shaxslarni hamda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarni davriy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga;

    ishtirokchilarga yuqori saviyada tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga, sport tadbirlari o‘tadigan joylarda zarur tibbiy anjomlar, dori vositalari hamda tez yordam avtomashinalari navbatchiligi tashkil etilishiga;

    g) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (B.Yusupaliyev) – sport sinovlari o‘tadigan joylarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena talablariga mos bo‘lishiga;

    d) Milliy gvardiya (R.Djurayev) – sport sinovlari o‘tkaziladigan, ishtirokchilar joylashadigan, ovqatlanadigan, tashrif buyuradigan joylarda va ularning atrof-hududlarida jamoat tartibini saqlashga, yo‘l harakati ishtirokchilari uchun ajratilgan avtotransport vositalarini yo‘l-patrul xizmati avtomashinalari yordamida kuzatishga;

    ye) Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) – tizimidagi ta’lim muassasalarining o‘quvchi va barcha xodimlaridan sport sinovlarining qabul qilinishiga;

    j) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshqulov) – tizimidagi ta’lim muassasalarining talaba va barcha xodimlaridan sport sinovlarining qabul qilinishiga;

    z) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov) hamda Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) – mahalla va qishloqlardagi band bo‘lmagan aholining barcha qatlamidan sport sinovlarining qabul qilinishiga;

    i) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) – mazkur qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishiga;

    y) Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qo‘ldoshev), Milliy gvardiya (R. Djurayev), Davlat xavfsizlik xizmati (A.Azizov) – tizimidagi barcha xodim va xizmatchilardan sport sinovlarining qabul qilinishiga mas’ul hisoblanadi.

    8. Turizm va sport vazirligining sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

    Bunda, sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan g‘oliblar I, II, va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanadi.

    9. Baholash tizimi bo‘yicha yosh ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli bajargan shaxslar bir yil mobaynida quyidagi imtiyozlar va rag‘batlantirishlardan foydalanadi:

    safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;

    maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga kirishda;

    bepul tarzda davlat tuman (shahar) ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi;

    maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish huquqi beriladi (taksi, shu jumladan, yo‘nalishli taksi mustasno);

    farzandlari yashayotgan joydagi umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;

    barcha davlat organlari va tashkilotlarining xodimlariga ish joyi hisobidan dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etiladi;

    respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (oliy ta’lim muassasalari sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.

    Belgilansinki, mazkur qaror bilan belgilangan sport sinovlarini o‘tkazish va g‘oliblarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq har yilgi xarajatlar Davlat byudjeti parametrlarida Turizm va sport vazirligi uchun ko‘zda tutiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

    10. Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov) hamda manfaatdor sport federatsiya (assotsiatsiya)larining sport sinovlarini baholash tizimi me’yorlari, sport razryadlari va unvonlari, o‘tkazish grafiklari va ishtirokchilar uchun tavsiyalar platformasini (www.jtdss.uz) hamda sport sinovlari ishtirokchilari haqidagi yagona elektron bazani yaratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

    Bunda, Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov):

    a) 2021 yil 1 avgustga qadar sport sinovlarining platformasi (www.jtdss.uz) va yagona elektron bazasi faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ysin;

    b) har yili mart oyi yakuniga qadar hududlar kesimida sport sinovlarini o‘tkazish vaqti, joyi va sport inshootlarining manzillari, hakamlar haqidagi va boshqa batafsil ma’lumotlarni platformada joylashtirib borsin va ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etsin;

    v) har yil yakuni bilan sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarning eng yuqori natijalari va rekord o‘rnatganlar to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlarni platformada va yagona elektron bazada yuritish amaliyotini joriy etsin.

    Platforma va yagona elektron bazani ishlab chiqish, ularga xizmat ko‘rsatish va keyinchalik modernizatsiyalash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalari Turizm va sport vazirligiga yuklatilsin.

    Turizm va sport vazirligi sport sinovlarining platformasi doimiy ravishda haqqoniy va faol ishlab turishiga, shuningdek, uning doimiy texnik qo‘llab-quvvatlanishiga, ma’lumotlarni tahlil qilish, tuzilgan reytinglar shaffofligi va oshkoraligini ta’minlashga mas’ul hisoblanadi.

    11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) bilan birgalikda “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparati kompleksida elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini sport sinovlari muvaffaqiyatli topshirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirib borish amaliyotini joriy etsin.

    12. Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov):

    a) bir oy muddatda Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni va guvohnomasining tavsiflarini tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    b) ikki oy muddatda:

    Davlat statistika qo‘mitasi (B.Begalov) bilan birgalikda aholining sport sinovlari bilan qamrab olinishini baholash mezonlarini ishlab chiqib, barcha davlat organlari va tashkilotlari xodimlari kesimida reyting asosida tahlil qilish tizimini joriy etsin;

    barcha davlat organlari va tashkilotlarining sport targ‘ibotchilari tomonidan sport sinovlari o‘tkazilishini ta’minlasin hamda ular tomonidan xodimlar o‘rtasida sport sinovlarini topshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarining olib borilishini yo‘lga qo‘ysin.

    13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga sport sinovlarini keng targ‘ib qilish, aholini sport sinovlarining muddati to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida tegishli teleradiokanallar efirida e’lonlarni namoyish etish, g‘olib va sovrindorlar faoliyati hamda sport bilan shug‘ullanishning inson hayoti va salomatligini ta’minlashdagi ahamiyatini targ‘ib qiluvchi ko‘rsatuv hamda eshittirishlarni efirga uzatish tavsiya etilsin.

    14. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Q.Karimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.


    O‘zbekiston Respublikasi
    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 16 iyun