Aholining kam taʼminlanganlik darajasini qisqartirish masalalari muhokama etildi

    Ijtimoiy hayot 7 Noyabr 2023 1223

    Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish modelini hayotga tatbiq etish orqali tizimli ishlar amalga oshirib borilyapti.

    World Poverty Clock maʼlumotlariga koʻra, kambagʻallikning xalqaro chegarasidan pastda yashayotgan mamlakat aholisining ulushi 2019-2021-yillarda kuniga 3,2 dollar mezoni boʻyicha 26,3 foizdan 25 foizga, shuningdek kuniga 1,9 dollar mezon boʻyicha esa 11 foizdan 9 foizga kamaygan.

    Maʼlumki, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 1-maqsadi barcha joylarda aholining kam taʼminlanganlik darajasini pasaytirish hisoblanadi.

    2023-yil 7-noyabrda Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi hamda Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda kam taʼminlanganlikni kamaytirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda milliy modelni amalga oshirish orqali kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.

    Xususan, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini hisobga olish va manzilli qoʻllab-quvvatlashning yangi milliy modeli amalga oshirildi, “Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri” axborot tizimi va “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli orqali ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi joriy etildi.

    Kam taʼminlangan oilalarda yashovchi ishsizlarni oʻqitish, kasbga tayyorlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali ishga joylashtirish va aholini kasb-hunarga oʻrgatish tizimi yaratildi.

    Shu bilan birga qabul qiluvchi mamlakatlarda bugungi kunda talab boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni oldindan oʻqitgan holda tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini amalga oshirish, bu mehnat migrantlari oilalarining daromadlarini koʻpaytirishga va qishloq joylarda kambagʻallikni kamaytirishga koʻmak boʻlib kelyapti.

    Bundan tashqari ayniqsa, kam taʼminlangan aholini shinam uy-joy bilan taʼminlash darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

    Har bir mahallada ishsiz deb topilgan, ishlash yoki tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlar va yoshlar roʻyxati shakllantirilgan boʻlib, turli kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish kurslari xarajatlarining 70 foizini davlat tomonidan qoplash mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.

    “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”da roʻyxatga olingan aholi uchun trening va mashgʻulotlar mutlaqo bepul. Oʻquv kurslarini tamomlagan fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan tortib, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyishgacha boʻlgan amaliy yordam koʻrsatish tizimi joriy etildi.

    Tomorqasi boʻlgan tadbirkorlarga 300 milliard soʻm imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi. Oxirgi 3 yilda 91,8 mingta koʻp bolali, mehnatga layoqatsiz nogiron, bolalikdan nogiron boʻlgan yolgʻiz keksalar boʻlgan oilalar turar joy bilan taʼminlanib, yashash sharoitlari yaxshilandi.

    Davra suhbatida aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish borasida vazifalar va takliflarni mutasaddi tashkilotlarga toʻgʻridan-toʻgʻri bildirish imkoniyati yaratildi. Tadbir yakunida kam taʼminlanganlikni kamaytirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.