Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida barcha sohalarda ijobiy yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, 2020-yilda 1 918,5 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻ oʻzlashtirilib, 463 ta obyektda 4 400,4 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya ishlari olib borildi. Natijada 456 mingdan ortiq aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Amalga oshirilayotgan qurilish ishlari natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 63,9 foizdan 69,7 foizga oshdi.
Shuningdek, markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan olis hududlarda joylashgan qishloqlar aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida joriy yilda ichimlik suv tashish uchun moʻljallangan 100 ta maxsus texnika xarid qilinib, 227 ta qishloq aholisiga mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan taʼriflarga koʻra ichimlik suvi yetkazib berish joriy qilindi.
Taqdim qilingan maʼlumotlarga koʻra, 2021-2025-yillarda oqova suv tizimlarini rivojlantirishning istiqbolli loyihalari amalga oshirilishi natijasida Respublika aholisining oqova suv bilan taʼminlanganlik darajasini yaxshilash maqsadida 32 ta yirik shahar va 155 ta tuman markazida 7676,2 km oqova suv tarmoqlari qurilib, oqova suv tozalash inshootlarining quvvati 4 105,5 ming m3/sutkaga oshiriladi. Natijada aholining markazlashgan oqova suv xizmati bilan taʼminlanganlik darajasi shaharlarda 57,8 foizdan 87 foizga, tuman markazlarida esa 5,4 foizdan 56,7 foizga oʻsishga erishiladi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish yuzasidan Xalqaro moliya institutlari ishtirokida umumiy qiymati 2 350 mln. dollarga teng boʻlgan 22 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.