Hujjat matni bilan havola orqali tanishishingiz mumkin.
Aholi salomatligini taʼminlash boʻyicha shunday tartib oʻrnatiladiki, unga koʻra:
a) 2021-yil 1-iyundan boshlab:
6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar “A” vitamini bilan;
2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlanadi;
b) 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3-15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan;
35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlanadi;
v) 2021-yil 1-apreldan boshlab birinchi nav bugʻdoy uni bilan bir qatorda oliy nav bugʻdoy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan aholini sogʻlom turmush tarziga undovchi “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi ishlab chiqilmoqda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mazkur platformani ishlab chiqishda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda unda, jumladan, insonning tana vazni indeksini hisoblash, uning hayot tarzini hisobga olgan holda kunlik ovqatlanish meʼyorini tavsiya etish hamda isteʼmol qilinayotgan taom, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarning kaloriyasini hisoblash imkonini beruvchi toʻgʻri ovqatlanish boʻlimini yaratadi.
Bolalarning 5 yoshgacha boʻlgan davrda optimal rivojlanishi va oʻsishini taʼminlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi patronajning universal-progressiv modeli 2022-yil 1-yanvarga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladi:
homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalar uchun amaldagi shtatlar doirasida alohida patronaj hamshirasini biriktirish;
ushbu patronaj hamshirasi tomonidan umumiy holati qoniqarli va xavf guruhidagi aholini aniqlash hamda ular sogʻligʻining umumiy holatini differensiallashgan yondashuv asosida kuzatib borish;
umumiy holati qoniqarli boʻlgan barcha homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalarni yagona meʼyor asosida bevosita kuzatish;
ruhiy tushkunlik holati, bolaning toʻgʻri ovqatlanishi va rivojlanishi uchun sogʻlom muhitni taʼminlashda qiyinchiliklari mavjud xavf guruhidagi homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarning har biriga individual reja asosida kengaytirilgan yordam koʻrsatish.