“Oʻzbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida 2025-yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash taklif qilinmoqda
2024-yilning 29-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda uy-joy, qurilish, kommunal xoʻjaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2025-yildan AI-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berildi.
Dolzarbligi
Bugungi kunda respublikamizda transport vositalarining soni keskin ortib bormoqda. Transport vositalari sonining oʻsishi respublika, ayniqsa, Toshkent shahrida, atmosfera havosining ifloslanishiga, sogʻliqqa bogʻliq muammolarning koʻpayishiga, shuningdek, shaharlarda chang, zararli gazlar va tutun miqdorining ortishi bilan bogʻliq aholi murojaatlarining koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.
Xalqaro statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyo miqyosida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 59 foizi transport vositalari, 21 foizi sanoat korxonalari, va 20 foizi elektr energiyasini ishlab chiqarish hissasiga toʻgʻri keladi.
AI-80 markadagi benzindan foydalanganda atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va PM2.5 ifloslantiruvchi moddalari boshqa turdagi motor yoqilgʻilariga nisbatan koʻproq tashlanadi. AI-80 markadagi benzindan foydalanish atmosferada ifloslantiruvchi moddalar va ogʻir metallarning toʻplanib qolishiga olib keladi.
Amaliyotga tatbiq etilishi
Loyihada 2025-yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash ilgari surilgan. Shuningdek, respublikaning yirik shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida avtotransport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorining keskin oshishi hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida 2025-yil 1-martdan AI-80 markadagi benzin yoqilgʻisini bojxona rasmiylashtiruvlaridan oʻtkazish va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirishni qatʼiyan taqiqlash taklif qilinmoqda.
Qolaversa, 2026-yil 1-yanvardan respublikada tashkiliy tuzilmasidan qatʼi nazar AI-80 markadagi benzin yoqilgʻisini ishlab chiqarishni taqiqlash maqsadga muvofiq.
Xalqaro tajriba
Yevropa Ittifoqi davlatlari “YEVRO” standartlari orqali avtomobil yoqilgʻisi sifatini qatʼiy nazorat qiladi. 2005-yilda joriy etilgan YEVRO-4 standarti AI-80 kabi past sifatli yoqilgʻidan foydalanishni taqilaydi. Efiopiya 2024-yil yanvar oyida benzin va dizel yoqilgʻili transport vositalarini import qilishni taqiqlagan. Bu qaror mamlakatning yoqilgʻi importiga sarflanadigan xarajatlarini kamaytirgan va atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Chili va AQSH 2035-yilgacha benzinli avtomobillarni sotishni toʻxtatishni rejalashtirgan, bu qaror atrof-muhitni muhofaza qilish va uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida qabul qilingan. MDH (Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Qozogʻiston) davlatlarida esa AI-80 benzini va boshqa past oktanli yoqilgʻilardan foydalanish taqiqlangan, shuningdek, yuqori oktanli benzin markalariga oʻtish va elektr transport vositalarini import qilish uchun soliq imtiyozlari berilgan.
Qanday foyda beradi?
AI-80 markadagi benzin yoqilgʻisidan voz kechish natijasida transport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi keskin kamayib, nafaqat havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, balki aholi salomatligi mustahkamlanadi, atrof-muhit muhofazasi kuchayadi. Shuningdek, ekologik toza transport texnologiyalarining joriy etilishi iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishiga turtki boʻlib, yangi ish oʻrinlari yaratilishi va xalqaro ekologik standartlarga muvofiq qadam tashlash imkonini beradi. Bu oʻz navbatida mamlakatning xalqaro maydonda ekologik nufuzini oshiradi.