Oʻzbekiston va BAA aviatsiya idoralari kelishuviga muvofiq, “Air Arabia” aviakompaniyasi shu yil 7-dekabrdan boshlab haftasiga 2 marotaba Abu Dabi – Toshkent – Abu Dabi yoʻnalishida parvozlarni yoʻlga qoʻyadi. Kelgusida ushbu qatnovlarni haftasiga 7-martagacha oshirish moʻljallanyapti.
Uchrashuvda ushbu havo qatnovlarini keng jamoatchilik oʻrtasida targʻib qilish, Oʻzbekistonning boshqa shaharlariga parvozlarni amalga oshirish imkoniyatlari, mamlakatimizda yetishtirilgan mahsulotlarni BAAga eksport qilish imkoniyatlari atrroflicha muhokama etildi.
“Air Arabia” vakillari yuklarni tashish bilan bogʻliq batafsil maʼlumotlarni qoʻshimcha ravishda taqdim qilishni, 2023-yil davomida aviakompaniyaning Abu-Dabidagi tayanch aeroporti ixtiyoridagi samolyotlar soni 8 tadan 15 taga koʻpayishi kutilayotgani va shunga muvofiq Samarqand yoki Buxoro shaharlariga parvozlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.
Muhokamalar chogʻida, shuningdek, “Air Arabia” hamkorlari imkoniyatlaridan foydalangan holda Yevropadan Oʻzbekistonga sayyohlarni jalb etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
BAA tomoni joriy yil 18-noyabrda ochilishi kutilayotgan Shayx Zoid meros festivalida “Oʻzbekiston” pavilyoniga taklif etilar ekan, yangi aviaqatnovni mazkur pavilyon orqali ham keng targʻib qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.