4-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:05 da Air Manas aviakompaniyasining samolyoti Toshkent aeroportiga qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi. Oradan bir soat o‘tib, soat 11:15 da samolyot bortida 144 nafar yo‘lovchi bilan Toshkent – Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha jo‘nab ketdi.
Mart oyi davomida parvozlar dushanba va juma kunlari charter asosida amalga oshiriladi. Yozgi jadvalga o‘tish munosabati bilan Air Manas aviakompaniyasi Bishkek –Toshkent – Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarga o‘tishga umid qilmoqda. Eslatib oʻtamiz, aviatashuvchi Oʻzbekistonga deyarli ikki yil davomida parvoz qilmagan – 2020-yilda pandemiya sababli parvozlar toʻxtatilgan edi.