“Air Products” kompaniyasi “Uzbekistan GTL” majmuasiga 1 milliard dollarlik sarmoya kiritadi

    Investitsiyalar 26 May 2023 2008

    2023-yil 25-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, “Air Products” va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida shartnoma imzolandi.

    Shartnomada “Air Products” kompaniyasi tomonidan 1 milliard dollarlik investitsiya evaziga Qashqadaryo viloyatida barpo etilgan “Uzbekistan GTL” zavodga tabiiy gazni qayta ishlash qurilmasini sotib olish va ishlatish nazarda tutilgan.

    Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 25-dekabrda Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqaruvchi – “Uzbekistan GTL” majmuasi ishga tushirilgan edi. Ushbu majmua dunyoda beshinchi hisoblanadi. Bunga qadar Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika va Malayziyada ham shunday yirik majmualar qurilgan.

    “Oʻsish surʼati yuqori boʻlgan mamlakat – Oʻzbekistonda davlat koʻmagi bilan ushbu strategik hamkorlik orqali eng ilgʻor texnologiyalar va bilimlarimizni qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlamiz. Bu shartnoma “Oʻzbekneftgaz” AJga yuqori sifatli arzon yoqilgʻi ishlab chiqarish imkonini beradi. Biz ushbu uzoq muddatli va barqaror sheriklikni rivojlantirishni kutyapmiz, shuningdek, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorliklarni rivojlantirish imkoniyatlaridan mamnunmiz”, — deb taʼkidladi “Air Products” kompaniyasining Direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasemi.

    Shuningdek, “Air Products” kompaniyaning tajribasidan foydalanib, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, zararli chiqindilarni kamaytirishga erishiladi.

    Maʼlumot uchun qayd etish joizki, “Air Products” kompaniyasi dunyodagi yetakchi sanoat gazi ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanib, jahon bozorida 80 yildan ziyod faoliyat yuritib kelyapti. Kompaniyaning asosiy faoliyati – atmosfera va texnologik gazlarni ishlab chiqarish va turli tarmoqlar, jumladan, neftni qayta ishlash va neft kimyosi uchun tegishli asbob-uskunalar ishlab chiqarishdan iborat.

    Bundan tashqari, “Air Products” suyultirilgan gaz ishlab chiqarish texnologiyasi va uskunalarini yetkazib berish boʻyicha jahonda yetakchi hisoblanadi, shuningdek, butun dunyo boʻylab turbomashinalar, membrana tizimlari va kriogen konteynerlarni yetkazib beradi.

    Kompaniya 2022-yilda 50 dan ortiq mamlakatlarda 12,7 milliard dollarlik sotuvlarni amalga oshirdi va joriy bozor kapitallashuvi taxminan 60 milliard dollarni tashkil etdi. “Air Products” kompaniyasining maqsadi – atrof-muhitga foyda keltiradigan innovatsion yechimlarni yaratish, barqaror rivojlanish uchun ishlash, mijozlar, hamjamiyat va dunyo oldida turgan muammolarni hal etish imkoniyatlarini qayta koʻrib chiqishga qaratilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.