Aynan mustaqillik yillarida koʻhna tariximiz, boy merosimiz,  muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz qayta tiklandi. Amalga oshirilgan  keng koʻlamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimizning poydevori mustahkamlanib, chegaralarimiz daxlsizligi taʼminlandi. Jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha ulkan ishlar bajarildi.

Mustaqillikka erishgan kunimizdan buyon xalqimiz bosib oʻtgan mashaqqatli va sinovli davrlarda qilingan ishlar koʻlami, erishilgan yutuqlar, ulkan marra va natijalar salmogʻi juda katta. Eng muhimi, xalqimizning dunyoqarashi oʻzgardi, davlat va jamiyat boshqaruvi ishlarida faolligi oshmoqda. Bularning barchasi  kelajakda yanada salmoqli natijalarga erishish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini anglatadi.

Hozirgi vaqtda hayotimizning turli sohalarida yangilanishlar yanada jadallashmoqda. Xususan, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash shakllanmoqda. Ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etildi. Shu asosda  koʻmakka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari oʻz joyida aniq oʻrganilib, vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Mamlakatimizda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ijtimoiy davlat tamoyili mustahkamlandi hamda davlatning ijtimoiy sohaga oid masʼuliyati oshdi. Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning aniq manzilli ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam koʻrsatish imkonini bermoqda. Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlari uning yarmini tashkil etib, bugungi kunda bu raqam 64,4 trillion soʻmni tashkil etayotir.

Yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini roʻyobga chiqarishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Hozirda bolalarimizni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan  72 foizga yetdi, bogʻchalar soni esa qariyb 3-marta koʻpayib, 14 mingdan oshdi.

Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʻoya asosida maktab taʼlimi tizimida ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri va hududlarda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni koʻpaymoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida taʼlim tizimi xarajatlariga davlat byudjetidan 30,1 trillion soʻm yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan  6,2 trillion soʻm koʻp mablagʻ yoʻnaltirildi.

Mahallalarda tashkil etilgan kasb-hunarga oʻqitish kurslarida minglab oʻgʻil-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda. Endilikda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida soʻz borganda xotin-qizlarning bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sogʻligʻini saqlash, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etuvchi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani biz, ayollarga boʻlgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik ifodasi boʻldi.

Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berilishi, magistraturada toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt puli davlat byudjetidan qoplab berilishi, 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinishi hamda xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz taʼlim krediti berilishi opa-singillarimizning baxti iqbolini koʻzlab   yaratilayotgan  sharoitlarning bir qismi xolos.

Bundan tashqari, xotin-qizlarning ijtimoiy taʼminotdan foydalanish huquqini taʼminlash, xalqaro standartlarga muvofiq ijtimoiy sugʻurta orqali homiladorlik va tugʻish nafaqalarini toʻlab berish tizimi joriy etildi. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning oʻtgan davrida xoʻjalik yurituvchi subyektlarda ishlovchi 7 732 nafar ayolga 15,4 milliard soʻmlik homiladorlik va tugʻish nafaqalari toʻlab berildi.

Mustaqillik bayrami arafasida yurtimizda inson qadrini koʻzlab amalga oshirilayotgan bu xayrli ishlarni bir karra sarhisob qilish, uning xalqimiz, yoshlarimiz hayotidagi oʻrnini tahlil qilishga chogʻlanishimiz bejiz emas. Bularning barchasi, avvalo, istiqlolimizning taqdirimizda tutgan oʻrnini, ahamiyatini anglashga undaydi. Qolaversa, bu xayrli ishlar bardavom boʻlishi uchun bizni yangi maqsadlarga ruhlantiradi.

Zero, mamlakatimizning ertasi bugundan obod boʻlishi, istiqlolimiz bardavom boʻlishi uchun har birimiz yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan hayot kechirishimiz, taraqqiyotga xizmat qiladigan yangi-yangi marralarni koʻzlab yashashimiz lozim. Shundagina xalqimiz intilayotgan obod Vatan, farovon jamiyat barpo etishga  albatta musharraf boʻlajakmiz.

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati