JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus, agar boy davlatlar oʻzlarining adolatli ulushlarini ajratsa, “COVID-19 bilan kurashish uchun asosiy tibbiy vositalarni sotib olish, ularni past va oʻrta daromadli mamlakatlarga taqdim etishga” yordam berishlarini aytdi.
JSST taʼkidlaganidek, 2020-yilda Yevropa Ittifoqi, Fransiya va Bill va Melinda Geyts tomonidan tashkil etilgan ACT-Accelerator xalqaro hamkorligi pandemiyaga qarshi kurashda ushbu mablagʻga muhtoj.
“Fan bizga COVID-19 bilan kurashish uchun zarur vositalarni yaratib berdi, agar ular butun dunyo boʻylab birdamlikda taqsimlansa, biz bu yil COVID-19ni global sogʻliqni saqlashning favqulodda holati sifatida tugatishimiz mumkin”, dedi JSST rahbari.
JSSTning taʼkidlashicha, ACT-Accelerator uchun zarur boʻlayotgan 16 milliard dollarning ajratilishi va 6,8 milliard AQSH dollari miqdoridagi yuk tashish xarajatlarining qoplanishi bir qator choralarni amalga oshirish imkonini beradi:
Mamlakatlarda 600 million dozadan iborat “vaksinalar fondi”ni yaratish,
ACT-Accelerator byudjetida rejalashtirilgan jami 988 millionta testdan kamida 700 milliontasini xarid qilish;
120 million nafar bemorga tibbiy yordam koʻrsatish va kasalxonalarga 433 million kub metr kislorod yetkazib berish, shu jumladan, past daromadli mamlakatlarning kislorodga boʻlgan ehtiyojini 100 foiz qoplash;
1,7 million nafar tibbiyot xodimini shaxsiy himoya vositasi bilan taʼminlash;
xavotirli holatlarni bartaraf etish va universal koronavirus vaksinalarini ishlab chiqishni boshlash uchun davolash va vaksinalarning klinik sinovlarini qoʻllab-quvvatlash mumkin boʻladi.
Gap COVID-19ning oldini olish, tashxislash va davolash uchun xavfsiz va samarali texnologiyalarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni jadallashtirish boʻyicha hamkorlik haqida bormoqda. JSST ACT-Accelerator hamkorligining ustunlaridan biri boʻlgan COVAX mexanizmiga ham katta ahamiyat beradi. Dastur shartlariga koʻra, daromadi yuqori boʻlgan davlatlar past daromadli mamlakatlar uchun vaksinalarga pul toʻlaydi, deya xabar bermoqda tashkilot sayti.