Akademik Ahmadali Asqarov tavalludining 90-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi

    Fan 25 Sentabr 2025 1062

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasida yurtimizdagi yetuk arxeolog olim, akademik Ahmadali Asqarov tavalludining 90-yilligi munosib nishonlandi.

    Ushbu tantanali tadbirda Hukumat vakillari, akademiklar, davlat va jamoat arboblari, oliy taʼlim muassasalari vakillari, olimning hamkasblari va shogirdlari ishtirok etdi.

    Marosimni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ochib berdi. U oʻz nutqida soʻnggi yillarda ilm-fan taraqqiyotiga, xususan, tarix va arxeologiya sohasi rivojiga Davlatimiz rahbari tomonidan koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida alohida toʻxtaldi.

    Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov mamlakatimiz rahbarining samimiy tabrigini yetkazdi hamda akademik Ahmadali Asqarovning koʻp yillik samarali ilmiy faoliyati, arxeologiya sohasini yuksaltirishdagi beqiyos xizmatlarini eʼtirof etib, uni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmonni oʻqib eshittirdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ham olimini yuksak eʼtirof etib, tabrik soʻzlarini izhor qildi va Ahmadali Asqarovni “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi.

    Yigʻilishda akademikning ilmiy merosi, oʻzbek arxeologiyasi va umumiy tarixshunoslikka qoʻshgan beqiyos hissasi yuksak qadrlandi. Soʻzga chiqqanlar uning boy ilmiy merosi va shogirdlar tayyorlashdagi faoliyati haqida samimiy fikrlar bildirishdi.

    Tantana yakunida ishtirokchilar akademik Ahmadali Asqarovni qutlugʻ 90 yoshi hamda Davlatimiz rahbarining yuksak mukofoti bilan muborakbod etishdi. Unga uzoq umr, bardavom salomatlik va ilmiy faoliyatlarida yangi yutuqlar tilashdi.