Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan 2021 yil 1 yanvardan boshlab akademik litsey pedagoglari va xodimlarining mehnatini munosib ragʼbatlantirish belgilandi.
Jumladan, akademik litsey pedagog va oʼquv-yordamchi xodimlari mehnatiga haq toʼlashda Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarning tegishli xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʼlash shartlari qoʼllaniladi.
Аkademik litsey direktorining oʼquv-tarbiya jarayoni bilan bevosita bogʼliq boʼlgan oʼrinbosarlarining bazaviy lavozim maoshlariga 20 foiz miqdorida har oylik ustamalar toʼlanadi.
Shuningdek, boʼysunuvi boʼyicha tegishli oliy taʼlim muassasasining moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, byudjetdan tashqari, jumladan, toʼlov-kontrakt mablagʼlari hisobidan akademik litseylarda oʼrnak koʼrsatgan pedagog va xodimlarga lavozim maoshlarining 100 foizigacha miqdorida har oylik ustamalar toʼlanadi.
Аkademik litseylarning fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD), shuningdek, fan doktori yoxud fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga ega boʼlgan pedagog xodimlari mehnatga haq toʼlash shartlariga koʼra oliy taʼlim muassasasi katta oʼqituvchisiga tenglashtiriladi.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvardan boshlab oʼrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida taʼlim muassasasi rahbarining bazaviy lavozim maoshiga nisbatan bosh hisobchining bazaviy lavozim maoshi 80 foiz miqdorida, hisobchining bazaviy lavozim maoshi 60 foiz miqdorida belgilanadi.