Bu jarayonda akademik litseylar alohida o‘rin tutadi. Chunki ular umumiy o‘rta ta’lim va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviy ko‘prik bo‘lib, o‘quvchilarda nafaqat nazariy bilim, balki huquqiy fikrlashni shakllantirish imkonini yaratadi. So‘nggi yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylar tajribasi ushbu yo‘nalishda yangi metodik yondashuvlarning tatbiq etilayotganini ko‘rsatmoqda.
TDYU huzuridagi akademik litseylar o‘quv rejalariga “Konstitutsiyaviy huquq faniga kirish (O‘zbekiston Konstitutsiyasi)”, “Huquqiy ko‘nikmalar”, “Inson huquqlari asoslari”, “Davlat va huquq tarixi”, “Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar”, “Mehnat huquqi asoslari”, “Davlat tilida ish yuritish”, “Fuqarolik huquqiga kirish” kabi fanlarning kiritilgani o‘quvchilarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘qituvchilarning yuridik sohada malakasini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatadiki, huquqiy ta’limning mazmuni va metodikasini yanada boyitish, o‘quvchilarga real huquqiy jarayonlarni ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish, oliy ta’lim bilan integratsiyani mustahkamlash zarur bo‘lib qolmoqda.
“Sud jarayoni simulyatsiyasi”, “Debat” va “Moot court” kabi platformalarning ushbu akademik litseylarda yaratilganligi, dars jarayonlariga amaliyotchi mutaxassislar sifatida advokatlar, sudyalar, prokurorlarning jalb qilinishi va ular bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etilishi o‘quvchi yoshlar orasida yuridik kasblarga bo‘lgan qiziqishlarni yanada oshirmoqda.
Bundan tashqari, o‘quvchilar o‘rtasida tashkil etilayotgan “Lex Pride – Akademik litsey iftixori”, “Huquqiy fanlar olimpiadasi” kabi tanlovlar orqali o‘quvchilarni Toshkent davlat yuridik universiteti muhitiga olib kirish, davlat va jamiyatga yetuk, yosh va raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash, intellektual salohiyatini oshirish hamda ularga o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishga imkoniyatlar yaratish, o‘quvchilarda tashabbuskorlik, vatanparvarlik, fidoyilik fazilatlari va jamoatchilik qobiliyatini qaror toptirish, o‘z kasbini sevish, ilm-fanga ishtiyoq va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsad qilingan.
Bugungi kunda TDYU huzuridagi akademik litseylarda jamoatchilik asosida faoliyat olib boruvchi “O‘quvchilar Assotsiatsiyasi” tashkil etilib, akademik litseylar o‘quvchilarining volontyorlik faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shu bilan birga, Toshkent davlat yuridik niversiteti talabalari va uning huzuridagi akademik litseylar o‘quvchilari hamkorlikda “Street Law” loyihasini amalga oshirib maktab o‘quvchilari o‘rtasida ham huquqiy bilimlarni oshirishga xizmat qilishmoqda.
TDYU huzuridagi akademik litseylarda o‘quvchilarga o‘qishni davom ettirish va amaliyotda ishlash uchun eng zarur yumshoq ko‘nikmalarni (soft skills) shakllantirish va shaxsiy rivojlantirishga qaratilgan 12 ta to‘garak va 7 ta klub (kreativ fikrlash, muzokara olib borish san’ati, tahliliy-tanqidiy fikrlash, sun’iy intellekt bilan ishlash, oratorlik, media, SMM, tadbirkorlik) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu to‘garak va klublarga akademik litseylarning barcha o‘quvchilari qamrab olinib, turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Shuningdek, TDYU huzuridagi akademik litseylarning dars jarayonlariga raqamli ta’lim texnologiyalarining joriy etilishi, o‘z navbatida, yuridik ta’lim sifatini sezilarli darajada oshirmoqda. Elektron darsliklar, onlayn platformalar, interaktiv testlar, Legal Tech yo‘nalishidagi kichik amaliy loyihalar, sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini chuqurlashtirish bilan birga, ularda zamonaviy huquqiy kompetensiyalarni shakllantirmoqda.
Yuqoridagi islohotlar natijasida o‘quvchilarning huquqiy tafakkuri, tanqidiy fikrlash qobiliyati, ijtimoiy-huquqiy jarayonlarda faol ishtirok etish ko‘nikmalari kuchayadi, oliy ta’limga tayyorgarlik darajasi oshadi. Bu esa kelajakda malakali yuridik kadrlar tayyorlashning sifatiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, TDYU huzuridagi akademik litseylarda yuridik ta’limni rivojlantirish – mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning eng muhim bosqichlaridan biridir. Shu sababli, bu yo‘nalishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va modernizatsiya qilish kelajak ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qoladi.
Avezov Dilshod,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Uzluksiz ta՚lim va tadbirlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i







