Prezidentimiz farmoniga koʻra “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganimni eshitganimda, yuragimdan eng avvalo shukronalik, gʻurur va shu bilan birga, kuchli bir masʼuliyat hissi oʻtdi. Chunki davlatning bu eʼtibori va eʼtirofi — “Biz sizni koʻrib turibmiz, mehnatingizni qadrlaymiz, lekin oldinda xalqning va Vatanning yanada katta ishonchi turibdi” deya berilgan ishonch yorligʻi boʻldi. Bugun taʼlim sohasida ishlayotgan har bir inson bu ishonchni ish stolidagi, har bir qaroridagi asosiy mezonga aylanganini yurakdan his qilyapti.
Agar bu mukofotni yutugʻim desam, juda katta xato qilgan boʻlaman. Bu — tunlarni kunga ulab, hududlarda yurgan, yoshlarning koʻzidagi oʻtni koʻrib, ularga yangi yoʻllar ochayotgan, mamlakatning ilm-fani va innovatsiyasi taraqqiyotiga bel bogʻlagan butun jamoamizning mehnatiga berilgan baho.
Keyingi yillarda tizimda juda katta yangilanishlar boʻldi. Birgina innovatsion hududlarni rivojlantirishda 200 dan ortiq ilmiy loyihalar,
100 dan ziyod startaplarni oyoqqa turgʻazish va 130 ta ilmiy ishlanma va texnologiyani aynan ishlab chiqarishga, hayotga tatbiq etish jarayonlarida bevosita ichida boʻldik. Qogʻozda qolib ketayotgan olimlarimizning ishlanmalarini bozorga chiqarish, yoshlarimizning gʻoyalarini amaliyotda jonlantirish ishlari albatta oson kechayotgani yoʻq.
AQSHning Massachusets texnologiya instituti, Garvard, Stenford va Kaliforniya kabi dunyoning eng top universitetlarida, OpenAI va Google kabi gigant kompaniyalarda “Future 100” dasturi boʻyicha stajirovkada boʻlganimda bir narsani angladim: dunyo shiddat bilan ilgarilab ketyapti. Men oʻsha yerda koʻrgan va oʻrgangan bilimlarimni, xalqaro muloqotlarda orttirgan tajribalarimni aynan oʻz yurtimiz ilmiga, taʼlimiga qanday olib kirishni oʻyladim.
Bu yoʻlda olib borgan oʻn yildan ortiq faoliyatimga ortdan nazar tashlasam, mehnatning yoqimli sharafi shinam kabinetda emas, yurt boʻylab yurishda, viloyatlardagi yosh olimlarning muammosini tinglashda, ilm ahliga foydasi tegadigan maqola yozishda, tinimsiz izlanishlarda mujassam ekani oydinlashadi. Mehnatning zahmati esa biror olimning startapi moliyalashtirilib, mahsulot chiqarishni boshlaganida, laboratoriyalarda yangi kashfiyotlar qilinganida yoki xalqaro hamkorlar bilan yurtimiz uchun manfaatli boʻlgan yirik kelishuvga erishilganida oʻzgacha rohatga aylanib boraverdi, marralar masshtabini tobora kengaytiraverdi.
Natijada oliy taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar toʻlqini oʻz taqdirimda aks eta boshladi. Jumladan, olib borilgan izchil saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq, 2023-yilda “Turizm fidoyisi”, 2025-yilda “Oliy taʼlim aʼlochisi” hamda 2026-yilda “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandim.
Bu eʼtiroflarning uzviy davomi sifatida, davlatimiz rahbari tomonidan eʼlon qilingan “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida joriy yilning 22-may kuni “Eng namunali maʼmuriy xodim” mukofotiga munosib deb topilganim, erishgan marralarimizni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun yangi kuch va ilhom bagʻishladi. Mamlakatimiz yetakchisi gʻoliblar qatorida ismimni aytib, eʼlon qilganlarida shunday bir tuygʻu, shunday bir hayajonli hislarni tuydimki, faoliyatim, sohadagi oʻzgarishlar, oliy taʼlim tizimining tarixi va buguni soniyalar ichida kino tasmasidek koʻz oʻngimdan shuvillab oʻtdi.
Ha, kechagi kunlar xuddi ertakday oʻtmishda qoldi. Ilgari talaba boʻlish, minglab yoshlar ichidan chiqib bu nomga sazovor boʻlish orzu edi, bugun esa imkoniyatga aylandi. Tez fursatlarda yurtimizdagi mavjud oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetdi, qamrov 45 foizga koʻtarildi, talabalarimiz soni
1,6 milliondan oshdi. 185 ta taʼlim dasturimiz xalqaro akkreditatsiyadan oʻtdi. Yettita oliygohimiz 17 ta fan boʻyicha nufuzli xalqaro reytinglarga kirdi. Amaliyotga, hayotga yaqin taʼlim rivojlanib, 22 ta muhandislik oliygohi birlashdi va ular yiliga 25–30 ta eng zamonaviy oʻquv adabiyotlarini yaratmoqda. 11 ta tibbiyot oliygohi esa robot xirurgiyasi, transplantologiya boʻyicha yangi darsliklar tayyorlayapti.
Eng katta oʻzgarishlardan biri — yaqin yillar ichida dual taʼlim yoʻlga qoʻyildi. Quvonarlisi, kelasi yildan “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Ish beruvchi buyurtma beradi, talaba testsiz, suhbat bilan oʻqishga kiradi. Maoshining yarmini davlat qoplab beradi, yaxshi oʻqiganlar 2-bosqichdan davlat grantiga oʻtadi. Bu taʼlimni toʻgʻridan-toʻgʻri ishlab chiqarishga bogʻlash demakdir.
Shu bilan birga, kechani tariximizda majburiy mehnatda qadri toptalgan oʻqituvchi va uning oilasi davlat gʻamxoʻrligini his eta boshladi. Endilikda kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlari oʻqishi uchun foizsiz kreditlar ajratilishi, xalqaro sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari toʻliq qoplanishi — oʻqituvchining jamiyatdagi qadrini oshirib, shu kasbga yoshlarda intilishni kuchaytiradi.
Hozirda mamlakatimizda 32 ta xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Endi dunyoning eng kuchli Top-300 universitetlari filiallarini olib kelish, xususiy oliygohlarga eng zamonaviy laboratoriyalar va brend uchun xarajatlarining 50 foizigacha qoplab berish tizimi yaratiladi. Bu kabi imkoniyatlar tobora ortib bormoqda, biroq ularning tashakkuri, munosib javobi uchun oldimizda juda katta vazifalar turibdi.
Davlatimiz rahbari jonkuyarlik bilan taʼkidlaganlaridek, darsliklar va mazmunni butunlay yangilashimiz zarur. Garvard va Massachusets texnologiya instituti kabi yetakchi tajribalarni milliy taʼlim bilan muvofiqlashtirish, talabalarimizga dunyoda tan olinadigan real bilim va malaka berishimiz darkor. “Korxona – oliygoh” zanjirini mustahkamlash, 75 ta oliygohda dual taʼlim boʻlimlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyib, ishlab chiqarish, muhandislik, sunʼiy intellekt va tibbiyot sohalari uchun tayyor va raqobatbardosh mutaxassislar yetkazishimiz zarur. Shuningdek, ilm-fan va startaplarni tijoratlashtirishni kuchaytirish, har bir innovatsion hudud oʻzining real natijasini, iqtisodiyotga keltirgan foydasini koʻrsatishi uchun intilishimiz shart.
Shu bois, koʻksimdagi medal yangi tashabbuslar, yangi marralar, Vatanga, Prezidentimizga va xalqimizga yanada halol, yanada fidoyilik bilan xizmat qilish uchun berilgan katta ishonch va masʼuliyat nishonidir. Bu ishonchni oʻzgarishlar, yangi yutuqlar bilan oqlash — bosh maqsadimizdir. Eng muhimi,har bir harakatimiz, intilishlarimiz ortida togʻday tayanchimiz - Prezidentimiz turibdi. Yashayotgan tinch zaminimiz, nafas olayotgan musaffo borligʻimiz, bizga tengsiz imkoniyatlarni taqdim etayotgan Vatan esa har qadamda qoʻllab-quvvatlamoqda. Shunday ekan, endi biz boshqalarga oʻrnak boʻlishimiz, ishga yondashuvda yangi andozalar, yangi tamoyillarni yaratishimiz zarur.
Fursatdan foydalanib, bizga mana shunday imkonni, munosib mehnat muhitini yaratib bergan, intilishlarimizni qadrlayotgan davlatimiz rahbariga oʻzimning cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Bundan keyin ham Vatanimiz taraqqiyoti, davlat boshqaruvida sifatli va samarali tizimlarni rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish yoʻlida bor bilim va tajribamni safarbar qilishga tayyorman. Zero, Yangi Oʻzbekistonni shu mehnatimizning shiddati, vijdonan bajarilgan ish sifati va tolmas qatʼiyatimiz kuchi bilan barpo etamiz!
Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini vijdonan mehnat qilib oqlashni eng muhim vazifam deb bilaman.
Fazliddin MOʻMINOV,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
“Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi