Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori(PQ-197-son, 28.05.2024-y.)da belgilangan.
Qarorga koʻra, Akademiyaga talabalarni qabul qilish parametrlari Respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida belgilanadi.
Akademiya talabalarining kontingenti, birinchi navbatda, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida rivojlantirilayotgan sport turlari boʻyicha soʻnggi bir yilda Jahon, Osiyo va Oʻzbekiston chempionatlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan olimpiya va paralimpiya kollejlari, shuningdek, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarining bitiruvchilari orasidan ularning sport natijalariga qarab, saralash (seleksiya) asosida shakllantiriladi.
Bunda, Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan saralab olingan bitiruvchilar Akademiyaga toʻgʻridan-toʻgʻri ikkinchi bosqichga qabul qilinadi.
Akademiya bitiruvchilariga Oʻzbekistonda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.
Akademiya talabalari sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq oʻtkaziladigan respublika musobaqalarida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etadi.
Akademiya bitiruvchilariga trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun malaka sertifikati, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri 6-yilga beriladi.