Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchisi general-leytenant Tursinxan Xudaybergenov, vazirlik va idoralar mutasaddilari, akademiya professor-oʻqituvchilari, kursantlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda general-leytenant Tursinxan Xudaybergenov hamda Akademiya boshligʻi general-polkovnik Qobul Berdiyev soʻzga chiqib, coʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida taʼlim tizimini isloh etish, yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilib kelinayotganini taʼkidlashdi.
Bu borada “Taʼlim toʻgʻrisida”gi hamda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunlar yurtimizda oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ularning salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlimda ilm-fanni yana-da rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Ushbu islohotlar jarayonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga qaratilayotgan eʼtiborni ham alohida qayd etish joiz. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyatga ega.
— Yosh ofitser uchun general qoʻlidan diplom va harbiy unvon olish katta ishonch va faxr-iftixor desak, mubolagʻa boʻlmaydi, — deydi akademiya boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Choriyor Xoʻjanov. — Bu lahzalar ularning hayotida bir umrlik oltin sahifalar boʻlib qoladi. Harbiy kiyim-boshi oʻzlariga yarashib turgan navqiron yosh farzandlarimizning muqaddas va sharafli burchlarini sidqidildan bajarishlariga, jonajon Vatanimiz, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishlariga, bildirilgan yuksak ishonchni oqlaydigan ofitserlar boʻlishlariga ishonamiz.
Xalqimizning tinch-osuda hayotini, sogʻligʻini asrash ham sharaf, ham masʼuliyat. Qutqaruvchilikdek mashaqqatli kasbni egallab, Vatanimiz ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshishga shaylanib turgan bitiruvchilar bugun ana shunday tuygʻularni his etishmoqda.
— Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, — deydi bitiruvchi, leytenant Islom Mirzaahmedov. — Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, taʼlim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash yoʻlida bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz, deb vaʼda beramiz.
— Bugun farzandim Islomjon ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yoʻl olayotganidan boshim koʻkka yetdi, — deydi Mirzohid Mirzaahmedov. — Oʻzim ham shu sohada mehnat qilayotganligim uchun oʻgʻlim ham mana shu kasbga mehr qoʻydi. Ishonamanki, farzandim Vatanimiz va xalqimiz xizmatida boʻlib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va koʻnikmalarini amaliyotda qoʻllab, yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashda bor kuch va shijoatini safarbar etadi.
Tadbir shodiyonasi akademiya “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi boshligʻi podpolkovnik Savriddin Najmiyev ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi.
Farhodjon XOJAYEV,
FVV akademiyasi katta oʻqituvchisi,
kapitan








