Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari, masʼul xodimlari, Akademiya professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar va kursantlar, Vazirlik matbuot xizmati xodimlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qoʻldoshev, Akademiya boshligʻi general-polkovnik Qobul Berdiyev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganini taʼkidladi.

Bitiruvchilarga “diplom” va “leytenant” harbiy unvoni generallar tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Bu oʻquv yilida “Yongʻin xavfsizligi” va “Texnosfera xavfsizligi” mutaxassisliklari boʻyicha tahsil olgan 150 nafar bitiruvchilardan 5 nafari imtiyozli diplom bilan bitirdi.

— Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, — Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, taʼlim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz — deydi bitiruvchi leytenant Sardorbek Tohirov – Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sogʻligini asrashdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar boʻlib yetishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga oʻz hissamizni qoʻshayotganligimizdan faxrlanamiz. Kelgusidagi xizmat faoliyatimizda xalqimizning tinchlik-osoyishtaligi, xavfsizligini taʼminlash yoʻlida bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.

Tantana davomida soʻzga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etdi. Tadbir shodiyonasi Akademiya orkestri ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi.

Mayor Farhodjon XOʻJAYEV,

Akademiya katta oʻqituvchisi.