O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-iyundagi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o'qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risidagi 358-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko'ra, yozma shaklda Akademiya hududida tashkil etildi.
Imtihonlar boshlanishidan avval O'zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo'yicha maslahatchisi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ishtirok etib, abiturientlarga muvaffaqiyat tiladi. Dastavval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o'tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi.
Tartibni buzgan abiturientlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o'sha vaqtning o'zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi.
Jarayon adolatli va shaffof tarzda o'tkazilish maqsadida to'liq onlayn translatsiya qilindi. Abiturientlarning ota-onalari mazkur jarayonni faol kuzatib borishdi.
Imtihon nizomiga muvofiq, abiturientlarning intellektual, ma'naviyat va ma'rifat asoslari bo'yicha bilim hamda xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis) bilish darajalari sinovdan o'tkazildi.
Shu bilan birga, imtihon paytida abiturientlarning ota-onalari va yaqinlarining kutish vaqtini mazmunli o'tkazish uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar Shayx Xovandi Tohur, To'labek (Qaldirg'ochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Zohidjon Islomov, Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA kafedrasi mudiri Ne'matullo Muhamedov hamda Islomshunoslik va islom tsivilizatsiyasini o'rganish ICESCO kafedrasi katta o'qituvchisi Saidafzal Saidjalolov mehmonlarga mashhur allomalar haqida ma'lumot berishdi.