Maqola muallifi - Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining Qonunchilik palatasida axborot faoliyatini muvofiqlashtirish va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro aloqalar boʻyicha oʻrinbosari Odiljon Tojiyevning yozishicha, yangi Oʻzbekiston jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini tubdan oʻzgartirish va barqaror rivojlantirish yoʻlidan borayotgani, bunda ijtimoiy-iqtisodiy takomillashuv masalasiga ustuvor darajada eʼtibor qaratilayotir.

Qayd etilganidek, yangi Oʻzbekistonning 2026-yilgacha mamlakatni barqaror rivojlantirishning asosiy maqsadlarini oʻz ichiga olgan taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan ustuvor vazifalar va maqsadli koʻrsatkichlar belgilab berilgan.  Oʻz-oʻzidan ayonki, ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiyotda sogʻlom raqobatni yanada takomillashtirish, hamma uchun, shu jumladan, tadbirkorlar uchun mulk daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-iyuldagi  "Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Farmoniga muvofiq teng sharoitlar yaratish, shaffoflikni taʼminlash va davlat xaridlari tartib-taomillarini yanada takomillashtirish vazifalari belgilandi.

Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini shaffof va adolatli tashkil etish maqsadida davlat mulkini sotish faqat “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladi.

Shuningdek, maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri, 65 va 66-moddalarida mulkni sotib olish va mulk huquqini kafolatlash aniq qoidalar bilan belgilangani ham alohida taʼkidlangan.

Muallif tadbirkorlar sonining koʻpayishi mamlakatda ishbilarmonlik muhiti, ayniqsa raqobat muhiti yaxshilanganidan dalolat berishi haqida toʻxtalar ekan, Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitining holati, ayniqsa, sogʻlom raqobat muhiti, shuningdek, iqtisodiy faoliyatni erkin amalga oshirishga qaratilgan islohotlar samaradorligini anglatuvchi qator xalqaro reyting va indekslar koʻrsatkichlarini ham keltiradi. Oʻzbekistonning iqtisodiy erkinlik indeksidagi oʻrni 2016-yildan boshlab sezilarli darajada oshgani va iqtisodiy erkinlik darajasi past boʻlgan davlatlar roʻyxatidan iqtisodiy erkinlik darajasi oshib borayotgan davlatlar qatoriga qoʻshilganini maʼlum qilgan.

Uning yozishicha, soʻnggi yillarda davlatning iqtisodiyotga aralashuvi sezilarli darajada cheklangan, monopoliya mavjud boʻlgan sohalarga xususiy sektorni jalb qilishga ustuvor ahamiyat berilmoqda, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish jarayoni ham soddalashtirilmoqda.