Olimpiada iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni matematika, kimyo, biologiya va ingliz tili fanlarini chuqur o'rganishga jalb qilish, ta'lim va fan rivojiga hissa qo'shish maqsadida tashkil etilmoqda. Olimpiadada kelajakda AKFA Universitetida o'qishni istagan maktablarning 11-sinf va akademik litseylarning 3-bosqich o'quvchilari ishtirok etishlari mumkin.

Matematika, kimyo, biologiya va ingliz tili bo'yicha olimpiada uch bosqichda o'tkaziladi. Birinchi bosqichda qiziquvchi yoshlar ushbu havola orqali 2021-yil 5-fevralgacha ro'yxatdan o'tishlari kerak. Olimpiadada roʻyxatdan oʻtish uchun mazkur havolani bosing. Ishtirokchilar bitta yoki bir nechta fanlarni tanlashlari mumkin. 2021-yil 10-fevralda bo'lib o'tadigan ikkinchi bosqichda ro'yxatdan o'tgan ishtirokchilar onlayn olimpiadada qatnashadi. Har bir fan bo'yicha test topshiriqlari soni 20 tadan iborat bo'ladi. Birinchi bosqich natijalariga ko'ra eng yuqori ball to'plagan 80 nafar yoshlar (har bir fan bo'yicha 20 nafardan) uchinchi bosqichda qatnashish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Olimpiadaning yakuniy bosqichi 26-fevral kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tadi. Yakuniy bosqich ishtirokchilari matematika, kimyo va biologiya bo'yicha 10 ta masalani echishadi. Ingliz tilidan sinovlar insho va test savollaridan iborat bo'ladi.

Har bir fan bo'yicha 10 nafar g'olib aniqlanadi, ular quyidagi sovrinlarga ega bo'lishadi.


1-2 o'rinlar — 25 million so'm

3-4 o'rinlar — 20 million so'm

5-6 o'rinlar — 15 million so'm

7-8 o'rinlar — 10 million so'm

9-10-o'rinlar — 5 million so'm.

Sovrin egalari ushbu mablag'lardan faqat AKFA Universitetida o'qish to'lovlarini to'lash uchun foydalanishi mumkin. Agar ishtirokchi bir nechta fanlar bo'yicha sovrindorga aylansa, mukofotlar jamlanadi, bu esa AKFA Universitetida bepul o'qish imkoniyatini beradi.

Masalan, agar ishtirokchi har bir fan bo'yicha birinchi yoki ikkinchi o'rin egasiga aylangan bo'lsa, u 100 million so'm oladi. Hozirgi kunda Tibbiyot fakul`tetida ta'lim qiymati 58 million so'mni tashkil etayotganini hisobga olsak, g'olib deyarli to'rt semestr davomida bepul o'qishi mumkin.

Ayni paytda AKFA Universitetida tibbiyot, farmasevtika va stomatologiya, hamshiralik ishi, buxgalteriya va moliya, iqtisod, arxitektura va dizayn, komp`yuter muhandisligi, dasturiy ta'minot va ingliz tili fakul`tetlari mavjud.