Ta'kidlash lozimki, mazkur tashkilot oliy ta'lim sohasiga oid muhim masalalarni yoritadi va universitetlar faoliyatini baholash bo'yicha etakchi tashkilot hisoblanadi.
Reytingning asosiy maqsadi BMT tomonidan 2030-yilga qadar mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirishda oliy ta'lim muassasalarining ta'sirini baholashdan iboratdir. THE University Impact Rankings umumiy reytingiga kirish uchun universitet kamida to'rtta BRMni amalga oshirishda ishtirok etishi kerak. Ilk reyting 2019-yilda chop etilgan. 2020-yilda chop etilgan reyting barcha 17 ta BRMni qamrab olgan.
O'z faoliyatini 2019-yilda boshlagan AKFA Universiteti ilk bor Impact Ranking reytingiga kirdi. Umumiy reytingda AKFA Universiteti 29,5 ball bilan 1001+ guruhiga kiritildi. Unga dunyo bo'yicha jami 1115 ta OTM kiritilgan.
Ta'kidlash kerakki, AKFA Universiteti 17 ta BRMdan oltitasida ishtirok etdi: Qashshoqlikning barcha turlarini tugatish: 591 OTM orasida 301-400 o'rin, Sog'lom hayot va farovonlikni ta'minlash: 871 OTM orasida 801+ o'rin, Gender tenglik: 776 OTM orasida 601+ o'rin, Samarali bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan ta'minlash asosida barqaror va umumqamrovli iqtisodiy o'sishga ko'maklashish: 685 OTM orasida 401-600 o'rin, Barqaror rivojlanish maqsadlari yo'lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga ko'maklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni ta'minlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish: 653 OTM orasida 401-600 o'rin, Barqaror rivojlanish maqsadlarida Global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini mustahkamlash va ishlarni faollashtirish: 1154 OTM orasida 1001+ o'rin.
— AKFA universiteti jahon universitetlarining obro'li reytingiga ilk bor kiritildi. Mazkur yutuq universitet jamoasi va asoschisi — AKFA Medline klinikasining mehnati natijasidir. endilikda bizning maqsadimiz THE University Impact Rankings reytingida o'rnimizni yana-da ko'tarish va dunyoning eng yaxshi OTMlari reytingiga kirishdan iborat, — deya ta'kidladi AKFA Universiteti rektori Behzod Jalilov.
Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) 2030-yilga qadar erishiladigan xalqaro hamkorlikning 17 ta maqsadlari to'plamidir. BRMlar barcha millatlarning sog'lig'ini mustahkamlash, tengsizlik, qashshoqlik, ochlik va global iqlim o'zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish, odamlarning ta'lim, ichimlik suvi, ish va arzon energiya ta'minotini yaxshilash, ijtimoiy adolat va tinchlik g'oyalarini targ'ib qilishga qaratilgan.