Akfa Universiteti abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni 1-aprel kuni boshlagan edi. 20-iyul kuniga qadar abituriyentlar oliy oʻquv yurtining rasmiy sayti orqali hujjatlarini onlayn topshirish imkoniyatiga ega boʻldi. Hozirgi kunda Akfa Universiteti faqat tibbiyot yoʻnalishida bakalavriat kurslarini taklif etmoqda.
Akfa Universitetiga kirish imtihonlari matematika, biologiya va kimyo fanlaridan (har bir fan boʻyicha 20 ta savol) 29 va 30-iyul kunlari boʻlib oʻtadi. Imtihonga 90 daqiqa vaqt ajratilgan. Imtihon javoblari 30-iyul kuni eʼlon qilinadi.
— Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy yilda kirish imtihonlari onlayn oʻtkaziladi. Abituriyentlar maxsus dastur yordamida imtihon topshiradi. Dastur imtihonning xolisligini taʼminlaydi. Abituriyent koʻchirishga yoki uchinchi shaxsdan yordam olishga harakat qilsa, tizim buni qayd etadi, - deya taʼkidladi Akfa Universiteti rektori Behzod Jalilov.
2020-2021 oʻquv yilida Akfa Universiteti 100 nafar talaba qabul qilishni rejalashtirgan. Ikki nafar talaba bepul taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlsa, yana 40 nafar talaba oʻqish toʻlov pulidan 10 foizdan 75 foizgacha chegirmaga ega boʻladi.
Taʼlim maskani xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususan, Koreya Respublikasining Gachon universiteti bilan keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi.
Oliygohda taʼlim jarayoni ingliz tilida tashkil etiladi va 6 yil davom etadi (2 yil tibbiy tayyorlov kurslari, 4 yil tibbiy kurslar).








