AKIS markazlari eng chekka hududlargacha yuzdan ortiq xizmatlarni koʻrsatadi

    Agrosektor 16 Yanvar 2021 1621

    Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari rahbarlari hamda mutasaddi vakillar ishtirokida oʻtkazgan seminarda qishloq xoʻjaligini transformatsiya qilish asosida xizmat koʻrsatish tarmogʻini rivojlantirish hamda sohada bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS)ni joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni tahlil qildi.

    Seminar Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Bogʻbon” agrokompleksida tashkil etilib, “In vitro” laboratoriyasi misolida agroxizmatlar faoliyati oʻrganildi.

    Uchrashuv davomida 2021-yilda sohada amalga oshiriladigan loyihalar ishiga toʻxtalib, aniq vazifalar belgilab olindi. Jumladan, qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimini rivojlantirish, tizimning 3 ta asosiy yoʻnalishidagi muhim jihatlarga toʻxtalib oʻtildi.

    - “Joriy yilda oldimizga qoʻygan eng muhim vazifa har bir yerdan foydalanuvchi uchun “yagona darcha” tamoyili asosida yuzdan ortiq xizmatlarni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan, deya taʼkidladi vazir J.Xodjayev. Ilm-fan yutuqlari asosida milliy agroxizmatlar tarmogʻini yoʻlga qoʻyib, uni rivojlantiramiz. Xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda qishloq xoʻjaligi sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Yangi markazlar butun respublikaning eng chekka hududlarigacha sohada faoliyatni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishga yordam beradi. Bu borada “raqamli agroxizmatlar” axborot tizimi ishlab chiqiladi. Zamonaviy agroxizmatlar koʻrsatishni kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini keng joriy etamiz”.

    Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimining 3 ta asosiy yoʻnalishlari - mehnat bozori konyunkturasi oʻzgarishiga mos holda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan agrar taʼlim tizimini takomillashtirish, agrosanoat majmuidagi ilmiy muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini yana-da rivojlantirish, agroxizmatlar tarmogʻini rivojlantirishdan iborat.

    Mazkur tizimning joriy etilishi natijasida:

    - ilm-fan yutuqlari asosida milliy agroxizmatlar tarmogʻi yoʻlga qoʻyiladi va rivojlantiriladi;

    - hududlarda agrosanoat majmuiga kiruvchi davlat, xoʻjalik va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning yuzdan ortiq xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida agroxizmatlar markazlari orqali tashkil etiladi;

    - Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida agroxizmatlarni muvofiqlashtiruvchi markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

    - zamonaviy agroxizmatlar koʻrsatishni kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlari keng joriy etiladi;

    - agroxizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish maqsadida “raqamli agroxizmatlar” axborot tizimi ishlab chiqiladi;

    - qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini yana-da rivojlantirish maqsadida ”daladan isteʼmolgacha” tamoyili asosida xalqaro sifat standart va sertifikatlari joriy etiladi;

    - agroxizmatlar tarmogʻini rivojlantirish uchun Xalqaro ekspertlar kengashi (International Expert Board) tashkil etiladi.