Akkreditatsiya boʻyicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (ARAS) Bosh Assambleyasining 2022-yildagi ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Akkreditatsiya boʻyicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (ARAS) Bosh Assambleyasining joriy yildagi ilk yigʻilishi masofaviy shaklda boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DK direktori A.Zakirov va Markazning masʼul xodimlari ishtirok etdi.

    Boshqa yillardan farqli oʻlaroq, bu yil ARAS Ijroiya qoʻmitasi ARAS Bosh Assambleyasi va ARAS MRA Kengashi yigʻilishlarini birgalikda oʻtkazishga qaror qildi.

    Tadbirda 50dan ziyod davlatlarning ARASga aʼzo akkreditatsiya idoralaridan 180 nafar vakillar qatnashdi. Nomma-nom ovoz berish tartibi bilan kvorum tasdiqlandi va APAC-GA-2022-1-3.0 Kun tartibi qabul qilindi. Yigʻilishda ARASning amaldagi Strategik rejasi boʻyicha yil davomida amalga oshirilgan faoliyat natijalari eʼtirof etildi.

    Tadbir davomida 2022-yilda oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra ARAS rahbarlari hamda ARAS qoʻmita aʼzolari va vakillarining nomzodi tasdiqlandi. Endilikda ular yangi tarkib va yangi reja asosida ish yuritadi. Bu esa tashkilotga aʼzo davlatlar akkreditatsiya idoralari uchun yangi loyihalar, treninglar va mahorat darslari koʻlamining ortishi deganidir.

    Shuningdek, 2021-yilga oid moliyaviy hisobot, texnik qoʻmita va ishchi guruhlarning hisobotlari, ARAS MRA kengashi raisining oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti, Yevropa akkreditatsiya hamkorligi (EA), Afrika akkreditatsiya hamkorligi (AFRAC), Amerika mintaqasi akkreditatsiya hamkorligi (IAAC) mintaqaviy akkreditatsiya tashkilotlari hamda ILAC va IAF xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarining maʼlumotlari tinglandi.

    Bosh Assambleya tomonidan 2023-2026-yillarga moʻljallangan ARAS Strategik rejasini ishlab chiqish taklifi berildi va navbatdagi yigʻilishlarni 2023-yil iyun oyida AQSHda, 2024-yil iyun oyida Rossiyada, 2025-yil iyun oyida Hindistonda oʻtkazishga kelishib olindi.

    Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DUK 2019-yil aprel oyidan mazkur tashkilotning muxbir aʼzosi hisoblanadi.

    2022-yilning birinchi choragida esa Markazda APAC tomonidan paritet baholash oʻtkazildi va bu jarayonda 8 nafar xalqaro ekspert Oʻzbekistondagi akkreditatsiya tizimi va akkreditatsiyadan oʻtgan MVO faoliyatini chuqur oʻrgandi hamda mutaxassislar malakasini tekshirdi.