Yig‘ilish “Xalqaro majburiyatlardan – samarali amalga oshirishga: inson huquqlari sohasidagi milliy implementatsiya mexanizmlarining roli” mavzusida tashkil etildi.
Muhokamalarda mamlakatimizning sud va qonun chiqaruvchi idoralari, Turkiya, Tailand, Qatar, Marokash, Qozog‘iston, Rossiyaning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Bir qator ishtirokchilar onlayn tarzda chiqish qildi.
Tadbirda asosiy e’tibor idoralararo muvofiqlashtirish, xalqaro majburiyatlarni bajarish, hisobot berish va monitoring qilish bo‘yicha milliy mexanizmlar faoliyati, ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llash masalalariga qaratildi.
Ta’kidlanganidek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi 30 yil davomida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni ilgari surish, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarish, BMT mexanizmlari bilan hamkorlik qilish, sohada ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynab kelmoqda.
Forum doirasida “Capstone Project Uzbekistan” inson huquqlari bo‘yicha ta’lim dasturi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Mukofotlarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, Niderlandiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbari o‘rinbosari Martin van Byuren va Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi prezidenti Azamat Shambilov topshirdi.