"Aktivist" blogeri apellyatsiya shikoyatini o'z xohishi bilan bekor qildirdi

    Sud majlisi 2023-yil 14-aprel soat 15:00 ga tayinlangan edi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda do'konlarda sotilayotgan mahsulotlar haqida tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan "Activist" blogerining qamalishi bilan bog'liq holatni ko'pchilik kuzatib bormoqda.

    Avvalroq, Jinoyat ishlari bo'yicha Shayxontohur tuman sudining 2023-yil 8-aprel kunidagi qaroriga ko'ra H. N. (1997-yilda Toshkent shahrida tug'ilgan, muqaddam ma'muriy javobgarlikka tortilgan) ga Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 184-3-moddasi va 194-moddasi 1-qismi bilan MJtKning 34-moddasi tartibida 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.

    Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, mazkur ish bo'yicha 2023-yil 14-aprel kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instantsiyasiga huquqbuzar H.N. ning advokati S.Ishpulatov tomonidan apellyatsiya shikoyati kelib tushgan. Sud majlisi 2023-yil 14-aprel soat 15:00 ga tayinlangan edi.

    Huquqbuzar H.N. tomonidan advokatning shikoyatini ko'rmasdan qoldirish haqidagi ariza keltirilganligi sababli, MJtKning 324-4 va 324-8-moddalariga asosan, apellyatsiya shikoyatini ko'rmasdan qoldirib, apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqarildi.