Xabarda taʼkidlanishicha, 9-mart kuni taxminan soat 15.00 larda Chilonzor tumani Chilonzor-6 dahasidagi koʻp qavatli uylardan birining uyboshisi 1959-yilda tugʻilgan A.R. (Luiza Rasulovaning onasi) va shu koʻp qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan oʻquv muassasasi rahbari 1971-yilda tugʻilgan B.Ch. bilan oʻzaro nizo kelib chiqqan.
Nizoning sababi A.R. koʻp qavatli uyning umumiy kirish eshigiga kodli qulf qoʻyib, ikkinchi qavatda joylashgan oʻquv muassasasiga kelgan oʻquvchilarning kirishiga toʻsqinlik qilgan. Shu orada B.Ch. fuqaro A.R. ni qoʻlidan tortgan vaqtida A.R. va uning qizi Luiza Rasulova yerga yiqilgan.
L.Rasulova va uning onasiga tibbiy yordam koʻrsatilishi uchun shifoxonaga yotqizilgan. Birlamchi maʼlumotga koʻra, A.R.da “ensa sohasi yumshoq toʻqimalarini lat yoyishi”, L.Rasulovada “oʻng bilak va oʻng tizza sohasi yumshoq toʻqimalari lat yeyishi” jarohatlari borligi aniqlangan.
Fuqaro B.Ch. profilaktika inspektori tomonidan ushlanib, yaqin oradagi IIBga olib borilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda.