Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni (PF-86-son, 15.05.2025-y.) qabul qilindi.

    Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish;
    • yoshlar bilan manzilli ishlash orqali global mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlgan mutaxassislar tayyorlash hamda mamlakat taraqqiyoti uchun yangi innovatsion imkoniyatlar yaratish.

    Farmonga koʻra, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy dastur amalga oshiriladi.

    Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatni tashkil etiladi. Shuningdek, Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Farmonga koʻra, Maktabda oʻquv jarayoni 2025/2026 oʻquv yilidan boshlanadi.

    Maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat (shahodatnoma) bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirish imkonini beruvchi xalqaro taʼlim dasturi diplomi (International Baccalaureate) beriladi.

    Oʻquvchilar bilan individual ishlash tizimi joriy etilib, 1 nafar maslahatchi va pedagogga toʻgʻri keladigan oʻquvchilar soni nisbatining cheklangan normativiga mutanosib ravishda 1:15 va 1:8 nisbatlar qoʻllanadi.

    • Maktabda taʼlim jarayoni variativ oʻquv rejalar asosida amalga oshiriladi hamda oʻquvchilar ingliz tilidan tashqari kamida yana bitta qoʻshimcha xorijiy tilga oʻqitiladi;
    • Maktabda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oʻqitiladigan oʻquvchilarning umumiy cheklangan soni 180 nafarni tashkil etadi.

    Oʻquvchilarga ilmiy-tadqiqot va innovatsion startap loyihalar hamda boshqa ijtimoiy loyihalar boʻyicha oʻzining portfoliosini shakllantirishga koʻmak beriladi.