Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni maʼlum qiladi:

Haqiqatdan, 1-aprel soat 21.00 larda muqaddam toʻrt marotaba sudlangan 41 yoshli Aleksandr Bocharov va yana ikki nafar fuqaro: muqaddam sudlanganlar 42 yoshli L.Dmitriy va 51 yoshli L.Anatoliylar Yunusobod tumani 3-sonli IIBga keltirilgan va ular bilan soʻrov olib borilgan. Oʻrtacha hisobda 45 daqiqa davom etgan soʻrovdan soʻng uchala shaxs qoʻyib yuborilgan, shu jumladan Bocharov Aleksandr ham.

2-aprel ertalab soat 4.00-4.30 larda 30-uyning oldida Bocharov Aleksandrning murdasi topilgan. Oʻlim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Respublika ilmiy-amaliy sud-tibbiyot markazi hududiy filiali tomonidan berilgan birlamchi maʼlumotga koʻra, marhumning bir nechta kasalliklari boʻlgan, xususan, yurak ishemik kasalligi, gematogen sil, poliorgan yetishmovchiligi, ikki tomonlama oʻpka plevriti, bosh miya va oʻpka shishishi, surunkali gepatit, giyohvandlik, alkogoldan zaharlanish.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Shuningdek, xabar orqali masʼul tashkilotlarning rasmiy izohini olmasdan turib, oldindan xulosa chiqarmaslik kerakligi soʻraladi.