O‘zbekiston elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, kinofestivalning so‘nggi kunida g‘oliblar eʼlon qilindi. Unga ko‘ra, taniqli o‘zbek kinorejissyori Ali Hamroyev «Samarqandda qovun tarovati» badiiy filmi uchun “Felix” bosh mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ushbu kinofestivalning maqsadi kino, dizayn va madaniyat orqali insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat. Festivalda qatnashayotgan filmlar namoyishi Milandagi mashhur kinoteatridan biri - “Anteo” kino saroyida bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilda o‘tkazilgan «Premio Felix» xalqaro kinoanjumaniga taqdim etilgan kinolar prodyusser Roberto Bessi, Italiyaning «24 Ore News» axborot agentligi bosh muharriri Alessandro Trani, sanʼatshunos Vlada Novikova, rejissyor Luchano Boskettidan iborat hamkamlar hayʼati tomonidan baholandi.
Festivalning yopilish marosimini italiyalik aktrisa Mikela Di Martino hamda aktyor va qo‘shiqchi Georgiy Chkareuli olib bordi.
«Samarqandda qovun tarovati» badiiy filmi oddiy Samarqand mahallalaridan birida yashayotgan odamlarning hayoti haqida hikoya qiladi.
Ali Hamroyev bu yil 85 yoshga to‘ldi. Uning filmlari o‘zbek va xorijiy kino ixlosmandlari o‘rtasida juda mashhur. Ali Hamroyev so‘nggi yillarda Italiyada yashab kelmoqda. Taniqli kinorejissyor 1976 yilda O‘zbekistonga safar qilgan mashhur italyan kinorejissyori Mikelanjelo Antonioniga hamrohlik qilgan va u bilan uzoq yillar do‘st tutingan.
Ali Hamroyev tomnidan suratga olingan «Oq, oq laylaklar», “Yor-yor”, «Yettinchi o‘q», “Shijoat” «Inson qushlar ortidan boradi», “Tansoqchi”, «Seni eslayman» kabi filmlari ko‘pgina mamlakatlarda katta muvaffaqiyat qozongan.