Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyati tomonidan “Covid-19 pandemiyasi davrida SHHT doirasida raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratning rivojlanishi” mavzusidagi videokonferensiyada tashkil etildi.
Tadbirda ShHT Bosh kotibi V.Norov, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari F.Arziyev, Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari A.Nazarov, Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi qoshidagi Xitoy elektron tijorat markazining vitse-prezidenti Xu Yong, “Alibaba Group” xalqaro departamenti direktori Luo Lin va kompaniya global tashabbuslar boʻyicha katta menejeri Drim Lui, shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va SHHT Yoshlar ilmiy tarmogʻining vakillari ishtirok etdi.
Videokonferensiya muhokamasi raqamli texnologiyalar va elektron tijorat modellarini joriy qilish bilan bogʻliq koʻplab masalalarni qamrab oldi. Ishtirokchilar taʼkidlaganidek, Covid-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarga asoslangan sohalarni yana-da faol rivojlanishiga olib keladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari F.Arziyev oʻz nutqida raqamli iqtisodiy kun tartibi Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanish strategiyasida ustuvor ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Oʻzbekiston hukumati taʼlim, raqamlashtirish va innovatsiyalarga mamlakatning barqaror rivojlanish strategiyasining muhim omili sifatida ustuvor ahamiyat berayotgani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, u respublikani raqamli va innovatsion rivojlantirishning muhim vazifalarini amalga oshirishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, jumladan ShHT imkoniyatlaridan foydalanishning muhimligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Xitoy kompaniyalari raqamli rivojlanish masalalarida oʻzbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdilar. Xitoy elektron tijorat markazi va elektron tijorat sohasida dunyoning yetakchilaridan biri boʻlgan “Alibaba Group” kompaniyasi vakillari ushbu sohada aniq loyihaviy hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganish va muhokama qilish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Videokonferensiya qatnashchilari Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning Tashkilotning “raqamli kun tartibini” ishlab chiqish boʻyicha saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligini taʼkidladilar va ushbu masalalar kelgusi faoliyatida ustuvor yoʻnalishlarga aylanishiga umid bildirdilar.