Majburiy ijro byurosi Termiz shahar boʻlimi xodimlari tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilgan boʻlsa-da, qarzdor ota tomonidan aliment pullari turli xil aldov yoʻllari bilan toʻlashdan qasddan boʻyin tovlab kelingan. 

U.Joʻrayev  14 million 774 ming soʻm aliment pullarini toʻlashdan qasddan boʻyin tovlab kelganligi uchun avvaliga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanildi.

Bundan oʻziga tegishli xulosa chiqarmagan qarzdor otaga nisbatan Majburiy ijro byurosi Termiz shahar boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida muhokama qilindi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudi tomonidan koʻrib chiqilgan mazkur jinoyat ishi boʻyicha U.Joʻrayevning sobiq turmush oʻrtogʻi D.Sharipova ochiq sud majlisida ishtirok etib, 2010-yilda oila qurganligini, oradan koʻp vaqt oʻtmasdan uni ota-onasini uyiga tashlab ketganligini va bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment pullarini toʻlamasdan kelayotganligini, ogʻir sharoitda ota-onasini uyida yashab kelayotganini bildirdi. 

Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudi tomonidan toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqildi hamda U.Joʻrayev JKning 122-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir yetganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan bir yil ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanildi.