Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining 28.06.2017 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor O‘.Ruziyevdan undiruvchi X.Mustafayevaning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun qarzdorning har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/6-qismi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida davlat ijrochisi J.Mo‘minov qarzdor O‘.Ruziyevni shu yilning 23 martida xizmat xonasiga chaqirtiradi. Undan aliment qarzdorligini to‘lashi kerakligi, to‘lamagan taqdirda esa unga nisbatan maʼmuriy jazo qo‘llash uchun to‘plangan hujjatlarni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudiga yuborishini aytib, qarzdor O‘.Ruziyevdan tushuntirish xati oladi.
Qarzdor O‘.Ruziyev 24 mart kuni taxminan soat 12:10da bo‘lim davlat ijrochisi J.Mo‘minovning xizmat xonasiga kelib, aliment qarzdorligini to‘lamasligini aytib, cho‘ntagidan nomaʼlum temir jismni olib, bo‘yin qismini 2-3 marotaba kesgan.
"Ushbu holatda qarzdor O‘.Ro‘ziyevga nisbatan ruhiy tazyiq yoki jismoniy kuch ishlatish holati sodir etilmagan hamda barcha holatlar xodim tomonidan video tasvirga olingan.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvning 04.04.2023 yildagi xulosasiga ko‘ra, xodimlarning xatti-harakatlarida "Kasb odobnomasi" talablari buzilganligi aniqlanmagan", deyiladi MIB bayonotida.